15-mart kuni Qozog‘iston Respublikasida mamlakatning yangi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha muhim referendum bo‘lib o‘tdi. Fuqarolar 2026-yil 12-fevralda e’lon qilingan asosiy qonun loyihasini qabul qilish yoki rad etish to‘g‘risida ovoz berishdi. Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda ishtirok etgan saylovchilarning 87,15 foizi yangi Konstitutsiyani qabul qilish uchun ovoz bergan, 898 ming kishi esa qarshi chiqqan. Yangi tahrir 2026-yil 1-iyuldan kuchga kirishi rejalashtirilgan.
Saylovchilarning ishtirok darajasi 73 foizdan oshib, mamlakat bo‘ylab faollik yuqori bo‘ldi. Eng yuqori ishtirok Qizilo‘rda viloyatida qayd etilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkichlar Olmaota va Ostona kabi yirik shaharlarda kuzatildi. Tengrinews.kz nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar asosiy qonun matnining 84 foizini qamrab olgan, bu esa mamlakatning siyosiy tizimida keng qamrovli o‘zgarishlarni anglatadi.
Asosiy o‘zgarishlar qatorida vitse-prezident lavozimining joriy etilishi, bir palatali parlamentga o‘tish va yangi maslahat organi – Qozog‘iston Xalq kengashining tuzilishi bor. Shuningdek, hujjatda fuqarolarning huquq va erkinliklari, tillar maqomi, dinni tartibga solish, nikohning erkak va ayol ittifoqi ekani to‘g‘risidagi qoidalar mustahkamlandi. Bundan tashqari, shaxsiy ma’lumotlar va shaxsiy hayotni himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha normalar kiritildi.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev referendumdan so‘ng ovoz berish jarayonini ochiq va adolatli deb ta’kidladi. U: “Qozog‘iston fuqarolari jipslik, birdamlik, vatanparvarlik va Vatan taqdiri uchun umumiy mas’uliyatning yorqin namunasini ko‘rsatdi. Fuqarolarimizning aksariyati Taraqqiyot, Adolat, Qonun, Tartib, Tabiatsevarlik va Poklikning nurafshon yo‘lini tanladi. Ushbu Xalq konstitutsiyasi bizni yangi yutuqlar sari yetaklaydi”, dedi. Avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev telefon orqali Toqayevni referendum muvaffaqiyati bilan tabriklagani haqida xabar berilgan.
Source: www.gazeta.uz