Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-paketi doirasida ilk bor sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurash vositasini (anti-circumvention tool) faollashtirdi. Ushbu vosita doirasida ikkilamchi sanksiyalar Qirg‘izistonga nisbatan joriy etildi.
Yevrokomissiya bayonotiga ko‘ra, YeI uchinchi davlatlar eksportyorlari tomonidan Yevropa Ittifoqining sanksiya ostidagi tovarlarini Rossiyaga reeksport qilish orqali cheklovlarni tizimli ravishda chetlab o‘tish holatlariga ko‘z yummadi. Ayniqsa, Qirg‘iziston orqali Rossiyada uchuvchisiz uchish apparatlari va raketalar ishlab chiqarishda foydalaniladigan dastgohlar hamda telekommunikatsiya vositalarining sotilishi, yetkazib berilishi va eksporti qayd etilgan.
Qirg‘izistonga eksport qilish taqiqlangan tovarlar ro‘yxatiga har qanday raqamli dasturiy boshqariladigan uskunalar va radioapparaturalar kiritilgan. YeI Kengashi qarorni savdo ma’lumotlarini tahlil qilish natijasida qabul qilganini, bu ma’lumotlar Qirg‘iziston orqali Rossiyaga yuqori ustuvorlikka ega bo‘lgan ommaviy tovarlar reeksportining sezilarli darajada oshganini ko‘rsatganini ta’kidladi.
Shuningdek, YeI Qirg‘izistondagi yana to‘rtta bank bilan tranzaksiyalarni amalga oshirishni taqiqladi. Avvalroq, 2025-yil oktabr oyida Qirg‘izistonning “Tolubay” va “Yevroosiyo jamg‘arma banki” YeIning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi.
Qirg‘iziston rasmiylari hozircha Yevropa Ittifoqining ushbu qaroriga izoh bermadi. Fevral oyida Bloomberg nashri YeI Qirg‘izistonga nisbatan sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurash vositasini qo‘llashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2025-yil avgust oyida bergan intervyusida mamlakat orqali Rossiyaga sanksiya ostidagi tovarlarni olib o‘tish bo‘yicha “birorta ham fakt” yo‘qligini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar bunday holatlar mavjud bo‘lganida, e’tiroz bildirayotgan davlatlar dalillarni taqdim etgan bo‘lardi. Aksincha, Rossiyaga qarshi sanksiya joriy qilgan davlatlarning o‘zlari u bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri milliardlab dollarlik hamkorlik qilayotgani haqida faktlar borligini ta’kidlagan.
Source: www.gazeta.uz