Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Seul apellyatsiya sudi Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yolga nisbatan harbiy holat joriy etilishi bilan bog‘liq odil sudlovga to‘sqinlik qilish ishi bo‘yicha jazoni kuchaytirib, qamoq muddatini besh yildan yetti yilga oshirdi. Bu haqda Yonhap axborot agentligi xabar berdi.

2026-yil yanvar oyida birinchi instansiya sudi sobiq davlat rahbarini hibsga olishga to‘sqinlik qilish ishi bo‘yicha aybdor deb topib, uni besh yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. Prokuratura esa Yun Sok Yol uchun 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini talab qilgan.

Yun Sok Yolga nisbatan jinoiy ta’qib 2024-yil dekabrida mamlakatda harbiy holat e’lon qilganidan keyin boshlangan. Ayblov xulosasiga ko‘ra, sobiq prezident sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon va boshqa mulozimlar bilan til biriktirib, deputatlarning uning farmoniga qarshi ovoz berishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun parlament binosiga qo‘shin va politsiyani yuborgan.

Seul Markaziy tuman sudi 2025-yil aprel oyida Yun Sok Yolni isyonga rahbarlik qilishda aybdor deb topdi va uni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Maxsus prokuror guruhi esa Janubiy Koreyada 1997-yildan beri qo‘llanmayotgan oliy jazo — o‘lim jazosini talab qilgandi.

Yun Sok Yol o‘z aybini tan olmagan va harbiy holat joriy etilishini “erkinlik va suverenitetni himoya qilish” yo‘lidagi urinish deb atagan.

Harbiy holat bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida sobiq prezident bilan birga yana bir necha kishi javobgarlikka tortildi. Sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon 30 yilga, Seul politsiya boshqarmasining sobiq boshlig‘i Kim Bon Sik 10 yilga, sobiq bosh vazir Xan Dok Su 23 yilga va sobiq ichki ishlar vaziri Li San Min yetti yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Source: www.gazeta.uz