Qirg‘izistonning sobiq Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Kamchibek Tashiyevga nisbatan Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Unga hokimiyatni zo‘rlik bilan egallash yoki ushlab turish, shuningdek, mansab mavqeini suiiste’mol qilish ayblari qo‘yilgan.
24.kg nashrining advokat Ikramidin Aytkulovga tayanib xabar berishicha, gap mansabni suiiste’mol qilish moddasining 2 va 4-qismlari haqida ketmoqda. Xususan, shaxsiy manfaat uchun yoki mas’ul lavozimni egallagan shaxs tomonidan sodir etilgan harakatlar nazarda tutilgan. Ehtiyot chorasi sifatida tilxat olingan. Tashiyev o‘z aybini tan olmagan.
Himoyachining ma’lum qilishicha, sobiq rahbar so‘roqdan so‘ng soat 23:00 atrofida Ichki ishlar vazirligi binosini tark etgan. Shu ish bo‘yicha o‘tayotgan sobiq bosh prokuror Kurmankul Zulushev va sobiq spiker Nurlanbek Turgunbek uulining ahvoli noaniqligicha qolmoqda.
Yuqori martabali amaldorlar ikki kun ketma-ket so‘roqqa chaqirilmoqda. Vazirlik bu ma’lumotni rasman izohlamagan.
Avvalroq, Qirg‘iziston harbiy prokuraturasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbariyatida keng ko‘lamli hibslar o‘tkazgani xabar qilingan edi. Tergovning asosiy ishtirokchisi qo‘mita sobiq raisi o‘rinbosari Timur Shabdanbekov bo‘lib, u mansab mavqeini suiiste’mol qilishda gumon qilinmoqda.
Source: podrobno.uz