Samarqand viloyati Jomboy tumanida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida qatnashgan 22 yoshli fuqaro U.X.ga nisbatan hukm o‘qildi. Sud hujjatiga ko‘ra, u 2021-yilda ishlash maqsadida Rossiyaga borgan va keyinchalik giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat uchun 7 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
Sudda sudlanuvchining onasi N.T.ning so‘zlariga ko‘ra, uning o‘g‘li 2022-yil iyul oyida Moskva aeroportida do‘stini kutib olish chog‘ida avtomashinada giyohvandlik moddalari aniqlanib, qo‘lga olingan va 2022-yil 30-noyabrda 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, jazoni o‘tash davomida, kelgusida jazodan ozod bo‘lish va moddiy manfaatlarini ko‘zlab, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy harakatlarda ishtirok etish maqsadida, 2024-yil iyul oyida Rossiya mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, Rossiya qurolli kuchlari safiga harbiy xizmatga yollangan. U.X. sudda: “Kelgusida jazodan ozod bo‘lish va uyga qaytish maqsadida shartnoma tuzdim”, dedi.
Onasining so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li koloniyada bosim va qiynoqlarga duch kelgani, mahkumlarni urushga borish uchun shartnoma imzolashga majburlashgani haqida aytgan. “U bilan 1 oyda 1 marotaba suhbatlashib turardik. O‘g‘lim koloniyada turli xil qiynoqlarga duch kelganini, Rossiya-Ukraina urushiga borish uchun ularni Rossiya Mudofaa vazirligi bilan 1 yillik harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi shartnomaga imzo qo‘yishga majburlayotgani haqida aytdi. Men o‘g‘limni shartnomaga imzo qo‘ymasligi haqida ogohlantirdim”, deya ko‘rsatma berdi N.T.
Shartnoma imzolagach, U.X. Donetskdagi harbiy poligonga olib ketilgan. U yerda 30 kundan ko‘p muddat davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, Donetsk viloyatida bo‘lib o‘tgan jangda Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Ukraina harbiy havo kuchlari tomonidan amalga oshirilgan harbiy havo hujumi natijasida jarohatlangan. Onasining aytishicha, o‘g‘li bir necha bor hujumlar natijasida oyoq va qo‘llaridan jarohat olib, harbiy gospitallarda davolangan.
Keyinchalik u gospitaldan chiqib, 2025-yil 5-dekabr kuni onasi yordamida Vnukovo-Samarqand aviareysiga chipta olib, O‘zbekistonga qaytib kelgan. Sudda U.X. aybiga iqrorlik bildirib, pushaymonligini va shaxsini inobatga olib, qonuniy yengillik berishni so‘radi.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismi bilan aybli deb topildi va Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanib, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. U jazoni o‘z yashash manzilida o‘tashi belgilandi, ish joyiga borish va uyiga qaytishdan tashqari vaqtda uy-joyidan chiqishi taqiqlandi. Shuningdek, Jomboy tumani IIB ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik va Samarqand viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik bo‘yicha cheklashlar yuklatildi.
Avvalroq Farg‘onada Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi janglarda qatnashgan 53 yoshli fuqaro 2 yilga qamalgan edi. “Xochu jit” loyihasi Rossiya armiyasida jang qilayotgan 4853 nafar o‘zbekistonlikning shaxsiy ma’lumotlarini aniqlagan, bu Markaziy Osiyodan jalb qilinish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Source: www.gazeta.uz