Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 25-aprel kuni mamlakatga yuqori malakali mutaxassislar, xorijiy investorlar va tadbirkorlarni jalb qilish maqsadida migratsiya siyosatini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Zakon.kz axborot agentligi xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, Qozog‘iston migratsiya siyosatining ruxsat berish-kvota tizimidan rag‘batlantiruvchi modeliga o‘tmoqda. Immigratsiya protseduralarini soddalashtirish va raqamlashtirish, jumladan, “yagona darcha” tamoyilini joriy etish rejalashtirilgan.

Islohotning asosiy maqsadi mamlakatni investitsiyalar va iqtidorlarni jalb etuvchi mintaqaviy habga aylantirishdir. Hukumatga o‘zgarishlarni 2026-yil yakuniga qadar to‘liq amalga oshirish topshirildi.

Amaldagi viza toifalari unifikatsiya qilinadi. Eng muhim yangiliklardan biri – “Altın viza” (“Oltin viza”) tizimining joriy etilishi. Uni investorlar va malakali kadrlar olishi mumkin bo‘ladi. Xususan, IT mutaxassislar uchun kutish muddati bor-yo‘g‘i bir oyni tashkil etadi. Bunday viza egalari soliq to‘lashdan va daromadlarini deklaratsiya qilishdan ozod etiladi. Shuningdek, ularga davlat va moliyaviy xizmatlardan foydalanishda Qozog‘iston fuqarolari bilan teng huquqlar beriladi.

Chet el fuqarolari uchun e-Residency moduliga ega yagona QazETA platformasi ishga tushiriladi. U arizalarni masofadan turib topshirish imkonini beradi.

Ostona va Olmaota shaharlarida ingliz tilida xizmat ko‘rsatish majburiy bo‘lgan hududlar paydo bo‘ladi. Bu kasalxonalar, maktablar, aholiga xizmat ko‘rsatish markazlari, politsiya va kommunal xizmatlarga taalluqli bo‘ladi.

Source: www.gazeta.uz