AQShning yirik rekruting kompaniyasi Head Honchos LLC bilan O'zbekiston fuqarolarini AQShda qishloq xo'jaligi sohasidagi mavsumiy ishlarga jalb etish bo'yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
O'zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov Head Honchos LLC direktori Todd Miller bilan uchrashuv o'tkazdi. Muzokaralarda tomonlar uyushgan mehnat migratsiyasi, jumladan, H-2A mavsumiy qishloq xo'jaligi bandligi dasturi doirasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Qayd etilishicha, O'zbekiston fuqarolari ushbu dasturda ishtirok etishi mumkin bo'lgan mamlakatlar ro'yxatiga kiritilgan. Bu AQShdagi rekruting kompaniyalari va fermer xo'jaliklarida katta qiziqish uyg'otgan.
Amerika tomoni qishloq xo'jaligi sohasida ichki resurslar cheklangani sababli ishchi kuchiga bo'lgan barqaror yuqori talab saqlanib qolayotganini ta'kidlab, xorijiy ishchilarni jalb qilish muhimligini bildirgan.
Head Honchos LLC rahbariyati O'zbekiston fuqarolarini ishonchli va istiqbolli kadrlar sifatida baholab, ularning mehnatsevarligi, intizomliligi va mas'uliyatliligini alohida qayd etgan.
Uchrashuv yakunlariga ko'ra, H-2A dasturi doirasida o'zbekistonliklarni AQSh qishloq xo'jaligiga jalb etish bo'yicha uzoq muddatli hamkorlikni yo'lga qo'yishga kelishildi. Kompaniya nomzodlarni tanlash, hujjatlarni rasmiylashtirish va ishga joylashtirish jarayonlarini xalqaro standartlar asosida amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, fuqarolarni ishga yuborishdan oldin ular uchun ingliz tili, mehnat qonunchiligi, mehnat madaniyati va qishloq xo'jaligi ko'nikmalarini o'rgatishga qaratilgan qisqa muddatli tayyorlov dasturlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Ma'lumot uchun, 2000-yilda tashkil etilgan Head Honchos LLC AQShning Texas shtati San-Antonio shahrida joylashgan bo'lib, xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga ixtisoslashgan yirik rekruting kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya har yili 3 mingdan ortiq xorijiy fuqaroni mavsumiy ishlarga joylashtirib, mamlakat bo'ylab qariyb 400 ta fermer xo'jaligi bilan hamkorlik qiladi.
Avvalroq Migratsiya agentligi AQShning USA Farm Labor tashkiloti bilan mavsumiy qishloq xo'jaligi ishlariga jalb etish bo'yicha kelishuv imzolagan edi. Hujjatga ko'ra, o'zbekistonliklar Qo'shma Shtatlardagi fermalarda oyiga o'rtacha 3500 dollar maosh bilan ishlashlari kutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag'ishlangan yig'ilishda AQShdagi o'zbekistonliklar uchun ish bilan ta'minlash imkoniyatlarini kengaytirishni buyurgandi. Xususan, O'zbekistonning AQShdagi elchisiga mamlakatni AQShga mavsumiy ishchilar sifatida jalb qilinishi mumkin bo'lgan mamlakatlar ro'yxatiga kiritish bo'yicha muzokaralar olib borish vazifasi yuklatilgan.
Source: www.gazeta.uz