Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Sungat Yesimxanov matbuot anjumanida, agar mamlakatdagi barcha rejalashtirilgan energetika obyektlari muvaffaqiyatli ishga tushirilsa, 2027-yildan boshlab Rossiyadan elektr energiyasi importini to‘xtatish mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda Zakon.kz xabar berdi.

Yesimxanovning so‘zlariga ko‘ra, agar rejalar amalga oshsa, hukumat atom elektr stansiyasi qurilishi yakunlanishini kutib o‘tirmaydi va Rossiyadan elektr energiyasi yetkazib berishni bekor qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. U o‘tgan yili Qozog‘istonda 123,1 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganini, iste’mol esa 124,6 mlrd kVt/soatni tashkil etganini qayd etdi.

Vazir o‘rinbosari, shuningdek, Qozog‘iston Rossiyadan sotib olinadigan elektr energiyasining bir qismini Qirg‘izistonga reeksport qilayotganini ham ta’kidladi. Bu mamlakatning energetika sohasidagi oraliq roli va Rossiyaga bo‘lgan bog‘liqligini ko‘rsatadi.

Aprel oyi boshida “Samruk-Energo” xoldingi boshqaruvi raisi Qayrat Maqsutov Qozog‘iston uchta issiqlik elektr markazini qurish uchun pudratchi sifatida Rossiya o‘rniga Singapurni tanlaganini ma’lum qilgandi. IEMlar Semey, O‘skemen va Ko‘kshetau shaharlarida qurilishi kerak. Oxirgi shaharda qurilish ishlari Rossiya ishtirokisiz boshlab yuborilgan, rasmiylar bunga “Rossiya tomonidan arzonlashtirilgan moliyalashtirish bo‘yicha kafolatlar yo‘qligini” sabab qilib ko‘rsatgan.

Qozog‘istonda ko‘mir generatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan milliy loyiha doirasida sakkizta yangi elektr stansiyasi ishga tushirilishi, yana 11 tasi esa modernizatsiya qilinishi kerak. Loyihadan ko‘zlangan maqsad — elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish va uning samaradorligini oshirish.

2025-yilda Rossiya va Qozog‘iston mamlakatdagi birinchi AES qurilishini boshlagandi. Uni foydalanishga topshirish 2035−2036-yillarga rejalashtirilgan. Ostona jami uchta atom stansiyasi qurishni reja qilgan, ulardan ikkitasining qurilishi bilan Xitoy shug‘ullanadi.

Source: www.gazeta.uz