Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shimoliy Koreya (KXDR) o‘z Konstitutsiyasiga muhim o‘zgartirishlar kiritib, mamlakat hududini janubda Janubiy Koreya bilan chegaradosh deb belgiladi va matndan ikki davlatning qayta birlashishi haqidagi qoidalarni olib tashladi. Bu haqda Reuters agentligi hujjat matniga tayanib xabar berdi. Agentlikning qayd etishicha, ushbu qaror KXDR rahbari Kim Chen Inning ikki Koreyani alohida davlatlar sifatida ko‘rish intilishini mustahkamlaydi.

Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar, ehtimol, mart oyida KXDR Oliy xalq majlisi yig‘ilishida kiritilgan, deydi Seul Milliy universiteti professori Li Chon Chxol. U Shimoliy Koreya ilk bor o‘z Konstitutsiyasiga hududiy shartni qo‘shganini ta’kidladi. Konstitutsiyaning yangi 2-moddasiga ko‘ra, KXDR hududi “shimolda Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi, janubda esa Koreya Respublikasi bilan chegaradosh” yerlarni, shuningdek, tegishli hududiy suvlar va havo bo‘shlig‘ini o‘z ichiga oladi.

Maqolada, shuningdek, Pxenyan o‘z hududiga bo‘lgan “har qanday tajovuzga aslo toqat qilmasligi” aytilgan, biroq Janubiy Koreya bilan chegaraning joylashuvi aniqlashtirilmagan va bahsli dengiz hududlari, jumladan, Sariq dengizdagi Shimoliy chegara chizig‘i tilga olinmagan, deb yozadi Reuters.

Yangi tahrirda Kim Chen In KXDR Davlat kengashi raisi sifatida ham belgilangan. Avvalgi tahrirda u davlatni ifodalovchi oliy rahbar deb atalgan edi. Bundan tashqari, Konstitutsiya KXDRni “mas’uliyatli yadroviy davlat” deb ta’riflaydi va Davlat kengashi raisini yadroviy kuchlar qo‘mondoni deb ataydi.

Konstitutsiyaning muqaddima va asosiy matnidan qayta birlashish va etnik millatchilik bilan bog‘liq bo‘lgan — “shimoliy yarim”, “vatanni qayta birlashtirish”, “tinch yo‘l bilan qayta birlashish”, “buyuk milliy birlik” kabi atamalar ham olib tashlandi, deb xabar berdi The Korea Herald gazetasi. Li Chon Chxolning fikricha, ushbu o‘zgarishlar Kim Chen In tomonidan 2023-yil oxirida e’lon qilingan “ikki dushman davlat” doktrinasini mustahkamlaydi.

Konstitutsiyadan, shuningdek, davlat asoschisi Kim Ir Sen va uning vorisi, Kim Chen Inning otasi Kim Chen Irning erishgan yutuqlari haqidagi eslatmalar ham olib tashlandi, deb yozadi The Korea Herald. BBC rus xizmatining aniqlik kiritishicha, xalqning yagona davlatda qayta birlashishi aynan ular bilan bog‘lab kelingan.

KXDR birinchi konstitutsiyasini 1948-yil sentabrida qabul qilgan. 1972-yilda Pxenyan yangi — sotsialistik — konstitutsiyani qabul qilgan. Mart oyidagi yangi tahrirning nomida esa “sotsialistik” so‘zi mavjud emas, deb qayd etadi gazeta.

Source: www.gazeta.uz