Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 15-may kuni Turkistonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) norasmiy sammitida nutq so‘zladi.
U TDTni geosiyosiy loyiha yoki harbiy tashkilot deb atashga urinishlarni qat’iy rad etdi. “So‘nggi paytlarda birlashmamizni harbiy alyans sifatida tavsiflovchi fikrlar yangramoqda. Bunday uydirmalarni ilgari surayotganlar g‘arazli maqsadlarni ko‘zlayotgani va oraga nifoq solishga intilayotgani ayon”, dedi Toqayev.
Prezidentning ta’kidlashicha, TDT “qardosh davlatlarning savdo-iqtisodiy, yuqori texnologik, raqamli va madaniy-gumanitar hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan noyob maydondir”.
Toqayev bu pozitsiya Qozog‘iston uchun “muhim ustuvor yo‘nalish” ekanini va u “milliy manfaatlar nuqtai nazaridan, shubhasiz, samarali” ekanini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, Turkiy davlatlar tashkiloti (avvalgi nomi Turkiy kengash) Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekistonni birlashtiradi. Vengriya, Turkmaniston va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi kuzatuvchi davlatlar hisoblanadi. Tashkilotning asosiy maqsadi – turkiy davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, siyosiy birdamlikni kuchaytirish, iqtisodiy va texnik hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, turkiy dunyoning tarixiy va madaniy merosini asrab-avaylashdir.
Source: www.gazeta.uz