Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qirg‘iziston bosh vaziri Adilbek Kasimaliyev davlat xizmatchilariga elektr energiyasini tejash maqsadida pidjakdan voz kechish va ko‘ylakda ishlash majburiyatini yuklovchi farmoyishni imzoladi. Yangi tartib 14-maydan kuchga kirdi, deb xabar bermoqda 24.kg nashri.

Kasimaliyevning so‘zlariga ko‘ra, kostyumdan voz kechish davlat muassasalarida konditsionerlardan kamroq foydalanish imkonini beradi. “Hozir biz kostyum kiyib ishlayapmiz va konditsionerlarni yoqyapmiz. Agar shunchaki ko‘ylakda yursak, konditsionerni yoqmasa ham bo‘ladi. Biz elektr energiyasini tejashimiz kerak”, — dedi u.

Qirg‘iziston bosh vaziri misol tariqasida Yaponiya tajribasini keltirdi. U yerda 2005-yilda hukumat konditsionerlardan foydalanishni cheklash orqali elektr iste’molini kamaytirish maqsadida Cool Biz kampaniyasini boshlagandi. Buning uchun ofislardagi konditsionerlarning standart harorati +28 daraja etib belgilangan, amaldorlar uchun esa soddalashtirilgan yozgi dress-kod joriy etilgan. Bugungi kunda ushbu kampaniya may oyidan oktabrgacha davom etadi va xususiy sektorga ham tarqalgan.

“Yaponiyada shunday tajriba qo‘llanadi: elektr energiyasini tejash uchun ular bo‘yinbog‘siz ko‘ylak kiyishni boshlagan, buning natijasida davlatda milliardlab iyena mablag‘ tejab qolindi”, — deb ta’kidladi Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari.

Qirg‘iziston hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi besh yil ichida mamlakatda elektr energiyasi iste’moli 25 foizdan ko‘proqqa oshgan — 2020-yildagi 15,4 milliard kVt/soatdan 2025-yil yakuniga kelib 19,3 milliard kVt/soatgacha yetgan. Shu bilan birga, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish sur’atlari talab o‘sishidan orqada qolmoqda.

Source: www.gazeta.uz