Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qirg‘iziston Adliya vazirligi sanksiya xavfi yuqori bo‘lgan operatsiyalarga aloqador 50 ta kompaniya faoliyatini tugatish to‘g‘risida buyruq chiqardi. Bu haqda idora matbuot xizmati ma’lum qildi. Mamlakatda bunday choralarga birinchi marta qo‘l urildi.

Bu qaror hukumat tomonidan “milliy iqtisodiyotni himoya qilish hamda g‘arblik hamkorlar tomonidan ehtimoliy ikkilamchi sanksiya choralari ko‘rilishi natijasida Qirg‘iz Respublikasi uchun salbiy oqibatlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida” tasdiqlangan yangi mexanizm doirasida qabul qilindi.

Ushbu mexanizm davlat organlaridan olingan ma’lumotlar asosida yuridik shaxslar faoliyatini soddalashtirilgan tartibda to‘xtatish imkonini beradi. Yopilgan 50 ta kompaniya ro‘yxatini Adliya vazirligiga Qirg‘iziston Iqtisodiyot va tijorat vazirligi hamda boshqa davlat organlari taqdim etgan.

2026-yil aprel oxirida Yevropa Ittifoqi Qirg‘izistonga qarshi sanksiyalarni aylanib o‘tishga qarshi kurashish vositasini qo‘llagandi. Ushbu mexanizm YeI tomonidan Rossiyaga nisbatan qabul qilingan sanksiyalarning 20-paketi doirasida ishga tushirilgan. Qirg‘izistonga eksport qilish taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxatiga har qanday raqamli dasturli boshqaruvga ega uskunalar va radioapparaturalar kirdi. YeI bu mexanizm Qirg‘iziston tomonidan ayrim uskunalarning Rossiyaga eksport qilinishini oldini olish bo‘yicha talablar “tizimli va qayta-qayta bajarilmagani” sababli faollashtirilganini ma’lum qilgan.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi bunga javoban mamlakatga nisbatan sanksiyalarni aylanib o‘tishga qarshi mexanizm qo‘llanganidan afsusda ekanini bildirgan. Vazirlik “qirg‘iz tomonining pozitsiyasi inobatga olinmay qolayotganini” va bu kabi “bir tomonlama qarorlar ishonch muhitiga putur yetkazishini” ta’kidlagan.

Qirg‘iziston bosh vaziri Adilbek Kasimaliyev bundan avval o‘z mamlakati Rossiyaga qarshi “cheklovlarni aylanib o‘tishda ishtirok etmayotganini” bayon qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston YeI, AQSh va Buyuk Britaniyaning sanksiyalari ro‘yxatiga tushgan mahalliy banklarni tekshirish uchun xalqaro auditorlik kompaniyalariga murojaat qilgan.

Source: www.gazeta.uz