Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayevning Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) harbiy alyansga aylanmasligi haqidagi bayonoti mintaqada keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Siyosatshunos Gaziz Abishevning fikricha, bu bayonot, avvalo, Turkiya va Ozarbayjonning tashabbuslariga javob sifatida berilgan. O‘tgan yili prezident Aliyev qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishni taklif qilgan va TDT davlatlari bu formatdan bosh tortayotganidan afsuslangan edi.

Sharqshunos Janat Mominqulov esa Toqayevning bayonotini strategik jihatdan puxta o‘ylangan signal deb baholaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston TDTning NATO yoki KHSHT tipidagi harbiy-siyosiy blokka aylanishidan manfaatdor emas, chunki bu Ostonaning ko‘p vektorli siyosatiga zid keladi. Asosiy maqsad – turkiy loyihaning siyosiylashuvi va harbiylashuvining oldini olish, uni transport, logistika va raqamlashtirish kabi pragmatik yo‘nalishlarga yo‘naltirishdir.

Abishevning ta’kidlashicha, bayonot asosan tashqi kuchlarga qaratilgan bo‘lib, Rossiya va Xitoyning xavotirlarini yumshatishga xizmat qiladi. Rossiyalik ekspertlar TDT doirasida harbiy tuzilma yaratilishi ularning xavfsizligiga tahdid solishidan xavotirda, Xitoy esa Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bilan bog‘liq vaziyatni kuzatmoqda. Shu bois Toqayev Qozog‘istonning harbiy blok tuzishga yo‘l qo‘ymasligini bildirib, qo‘shnilarni tinchlantirmoqda.

Mominqulov bayonotning ko‘p qatlamli ekanligini ta’kidlaydi: u bir vaqtning o‘zida Rossiya, Xitoy, G‘arb davlatlari va TDT ichidagi Turkiya hamda Ozarbayjonga qaratilgan. Qozog‘iston ichki auditoriyasi ham muhim – jamiyatda turkiy o‘zlikka qiziqish ortib borayotgan bir paytda, Toqayev turkiy yo‘nalish mavjud geosiyosiy aloqalarning o‘rnini bosuvchi emas, balki vosita ekanini ko‘rsatmoqda.

Abishevning fikricha, o‘rta muddatli istiqbolda TDT hozirgi mantiq asosida rivojlanadi, chunki bu mintaqa mamlakatlarining ko‘p vektorli siyosatiga mos keladi. Harbiy hamkorlikni rivojlantirish uchun tuzilmani harbiy blokka aylantirish shart emas – ikki tomonlama munosabatlar orqali ham mustahkamlash mumkin. Toqayev aynan shuni nazarda tutgan: qo‘shnilarning g‘azabini keltirmasdan, o‘zaro yordamni tabiiy holga aylantirish.

Mominqulovning xulosasiga ko‘ra, eng ehtimoliy ssenariy – TDTning moslashuvchan geoiqtisodiy platforma sifatida saqlanib qolishi. Zamonaviy Yevroosiyo xavfsizlik arxitekturasi qat’iy ittifoqlar emas, balki tarmoqli va sohaviy muvofiqlashtirish asosida qurilmoqda. Qozog‘iston esa “ko‘p qatlamli suverenitet” mantig‘i bilan harakat qiladi: Rossiya xavfsizlikka, Xitoy iqtisodiyotga, Turkiya logistikaga, G‘arb esa texnologiyalarga yo‘naltirilgan.

Source: www.gazeta.uz