26-maydan boshlab Ozarbayjon va Gruziya o‘rtasida Boku-Tbilisi-Boku yo‘nalishi bo‘yicha temiryo‘l qatnovi qayta tiklanadi. Bu qaror Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening Ozarbayjonga tashrifi yakunlari bo‘yicha qabul qilindi.
Ozarbayjon va Gruziya hukumatlarining qo‘shma kommyunikesida aytilishicha, tomonlar 2026-yil 26-maydan boshlab kundalik yo‘lovchi temiryo‘l qatnovini qayta tiklashga kelishib olgan.
Bloomberg nashrining yozishicha, Ozarbayjonning quruqlikdagi chegaralari 2020-yildan beri yopiq edi. Pandemiya davrida kiritilgan cheklovlar hukumat tomonidan har yarim yilda uzaytirib kelingan.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev chegaralarni yopiq saqlash qarori xavfsizlik nuqtai nazaridan qabul qilinganini ta’kidlagan. U 2024-yil aprel oyida bu qaror faqat karantin bilan bog‘liq emasligini, balki milliy xavfsizlik masalalari barcha boshqa sabablardan ustun turishi kerakligini aytgan.
Boku va Tbilisi, shuningdek, Ozarbayjon gazini Gruziyaga 20 yil muddatga yetkazib berish, elektr energiyasini tranzit qilish va yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarni imzoladi.
Tomonlar Boku-Supsa neft quvurining gruzin qismi bo‘yicha ham kelishuvga erishdi. Bu Markaziy Osiyodan neft tranzitini Gruziya hududi orqali Yevropa bozorlariga qayta tiklash imkonini berishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz