20-maydan boshlab Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi uchta asosiy nazorat-o‘tkazish punkti — “Qadamjoy”, “Chechme” va “Oq-Qiya” — 24 soat davomida ishlay boshladi. Bu qaror yozgi turistik mavsum arafasida, fuqarolar oqimi an’anaviy ravishda ko‘payadigan davrda qabul qilindi.
Endi Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegarani istalgan vaqtda kesib o‘tish mumkin. Qirg‘iziston Davlat chegarachilik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, kechayu-kunduz rejimi ikki davlat fuqarolarining qulayligi va yozgi sayohatlar davrida nazorat-o‘tkazish punktlaridagi yuklamani kamaytirish uchun joriy qilingan.
Yangi jadvaldan faqat Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari foydalanishi mumkin. Uchinchi davlat fuqarolari uchun chegarani kesib o‘tish tartibi avvalgidek qoladi — faqat xalqaro nazorat-o‘tkazish punktlari orqali.
Mavsumiy rejim 2026-yil 1-oktabrgacha amal qiladi. Chegarachilik xizmati fuqarolarni sayohatlarini oldindan rejalashtirish va zarur hujjatlarni tekshirishga chaqiradi.
Avvalroq Toshkent va Issiqko‘l o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgan edi. Yangi reys yozda ochilishi rejalashtirilgan, kelajakda esa O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi yo‘nalish tarmog‘ini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Source: podrobno.uz