Qirg‘iziston Respublikasi Jo‘g‘org‘u Kengeshi deputati Meder Chotanov tomonidan voyaga yetmagan shaxslarga elektrosamokat va boshqa individual mobillik vositalarini ijaraga berishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi taklif etildi. Bu haqda AKIpress axborot agentligi xabar berdi.
Hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun va Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritishni ko‘zda tutadi. Asoslantiruvchi ma’lumotnomada qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda mobil ilovalar orqali ijaraga berish xizmatlari soni sezilarli darajada oshgan, shu bilan birga, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari va yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari ko‘paygan.
Deputat ta’kidlashicha, o‘smirlarda boshqaruv ko‘nikmalarining yo‘qligi ularning o‘zlari va yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari uchun xavf tug‘dirmoqda. Shu sababli, qonun loyihasi individual mobillik vositalarini ijaraga beruvchi kompaniyalarni 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning ulardan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslikka majburlaydi.
Shuningdek, foydalanuvchilarni hujjatlar (shu jumladan, elektron hujjatlar) orqali majburiy identifikatsiya qilish va shaxsiy ma’lumotlarni faqat foydalanuvchining roziligi bilan qayta ishlash talabi ham kiritilmoqda. Voyaga yetmaganlarni ushbu vositalarni boshqarishga ruxsat berganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda: jarima jismoniy shaxslar uchun 20 ming som (salkam 229 dollar), yuridik shaxslar uchun esa 55 ming som (629 dollar).
Source: www.gazeta.uz