Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya rahbarlari Armanistonni Yevropa Ittifoqi va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasidagi tanlov bo‘yicha imkon qadar tezroq referendum o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda Aleksandr Lukashenko, Qasim-Jomart Toqayev, Sadir Japarov va Vladimir Putinning qo‘shma bayonotida aytilgan.

Bayonotda, shuningdek, 2026-yil dekabr oyida Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashi majlisida Armanistonga nisbatan YeOII shartnomasini to‘xtatib turishning ehtimoliy oqibatlari to‘g‘risidagi hisobot taqdim etilishi qayd etilgan. Bunday qaror “Armanistonning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rishi munosabati bilan” YeOIIga a’zo davlatlarning iqtisodiy xavfsizligi uchun yuzaga keladigan salmoqli xatarlarni inobatga olgan holda qabul qilindi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Armanistonning YeOIIdan chiqishi mamlakat uchun jiddiy iqtisodiy oqibatlarga, jumladan, energiya resurslari narxining oshishi va Rossiyadagi fuqarolarning mehnat sharoitlari o‘zgarishiga olib kelishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkin savdo to‘g‘risidagi bitimlar yopiladi, bojxona nazorati va to‘lovlari tiklanadi, texnik jihatdan tartibga solish hujjatlari tan olinishi to‘xtatiladi.

Putin, shuningdek, Armanistondan kelgan mehnat migrantlari uchun patent rasmiylashtirish zarurati va majburiy tibbiy sug‘urta huquqi faqat besh yil yashagandan keyin paydo bo‘lishini ta’kidladi. Dastlabki baholarga ko‘ra, bu Armaniston YAIMning kamida 14 foiz yo‘qotilishiga olib keladi.

Avvalroq Rossiya tomoni, agar Yerevan Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini davom ettirsa, tabiiy gaz va neft mahsulotlarini yetkazib berish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni to‘xtatib turishi yoki bekor qilishi haqida ogohlantirgandi. 28-may kuni Rossiya Armanistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, gullar va alkogol mahsulotlarini olib kirishni ham chekladi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan avvalroq Yerevan, bunga zarurat tug‘ilmagunicha, YeOIIdagi ishtirok masalasini kun tartibiga chiqarishni rejalashtirmayotganini aytgandi. U YeOIIning to‘laqonli a’zosi ekanliklarini va barcha qarorlar qabul qilish jarayonlarida to‘liq ishtirok etishlarini ta’kidladi.

2025-yil mart oyida Armaniston parlamenti mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini boshlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgandi. May oyi boshida Yerevanda Armaniston — Yevropa Ittifoqi birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Pashinyan Armaniston YeIga a’zo bo‘lsa, mamnun bo‘lishini, ammo har qanday holatda yevropacha standartlarga mos keladigan mamlakatga aylanishini ta’kidladi.

Source: www.gazeta.uz