Olmaota shahri 25-26 iyun kunlari Yevrosiyo taraqqiyot bankining (YeTB) “Yevrosiyo 2030+: investitsiyalar, o‘sish va yangi imkoniyatlar” mavzusidagi yillik yig‘ilishi va biznes-forumiga mezbonlik qiladi. Tadbir bankning 20 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, mintaqa rivojlanishining asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilish maydonchasiga aylanadi.
Forumda barqaror rivojlanishga investitsiyalar, raqamli texnologiyalar, Markaziy Osiyoda islomiy moliyalashtirish va transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. So‘zga chiqish uchun Saudiya Arabistoni, Malayziya, Bahrayn va BAA dan islomiy moliyalashtirish institutlari rahbarlari, shuningdek, AQSh dan sun’iy intellekt futorologi Tariq Qurayshi taklif etilgan.
Forumda Markaziy Osiyo davlatlari hukumat a’zolari, yirik kompaniyalar rahbarlari, jumladan Uzum Holding bosh direktori Jasur Jo‘mayev va “KazAvtoJol” AJ boshqaruvi raisi Darxan Imanashev, shuningdek, ko‘p tomonlama rivojlanish banklari va ekspertlar ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Yevrosiyo taraqqiyot banki — Yevroosiyo hududida faoliyat yurituvchi ko‘p tomonlama rivojlanish banki. Bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil oxiriga kelib uning jamg‘arilgan portfelida 326 loyiha bo‘lib, umumiy investitsiya hajmi 19,6 milliard AQSh dollarini tashkil etgan. 2022–2026 yillar strategiyasi doirasida YeTB uchta megaloyihani amalga oshirmoqda: “Markaziy Osiyo suv-energetika kompleksi”, “Yevrosiyo transport karkasi” va “Yevrosiyo tovar taqsimot tarmog‘i”.
Source: podrobno.uz