3-iyun kuni BMT Bosh assambleyasida 2027-2028-yillar uchun Xavfsizlik kengashining nodoimiy a’zolarini saylash bo‘yicha ovoz berish yakunlandi. Natijalarga ko‘ra, Qirg‘iziston ilk bor ushbu nufuzli tarkibga kirdi.
Qirg‘iziston to‘rtinchi turda 142 ta ovoz to‘plab, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi guruhidan bitta o‘rin uchun kurashgan Filippinni ortda qoldirdi. Bu Markaziy Osiyo davlatining qariyb o‘n yil ichida Xavfsizlik kengashiga a’zo bo‘lishidagi birinchi holatdir.
Saylovda yana besh davlat g‘olib chiqdi: G‘arbiy Yevropa va boshqa davlatlar guruhidan Avstriya va Portugaliya, Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlari guruhidan Trinidad va Tobago, Afrika davlatlari guruhidan Zimbabve. Saylanish uchun kamida 127 ovoz (a’zo davlatlarning uchdan ikki qismi) talab qilingan edi.
BMT Xavfsizlik kengashi 15 a’zodan iborat: besh doimiy a’zo (Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh va Fransiya) veto huquqiga ega, qolgan o‘nta a’zo ikki yillik muddatga saylanadi. 2026-yil oxirida Gretsiya, Daniya, Pokiston, Panama va Somalining vakolati tugaydi va ularning o‘rnini yangi saylangan davlatlar egallaydi.
Kengash xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun asosiy mas’ul organ hisoblanadi. U sanksiyalar joriy etish yoki kuch ishlatishga ruxsat berish kabi vakolatlarga ega.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qilib, mamlakatni ushbu muvaffaqiyat bilan tabrikladi.
Source: www.gazeta.uz