Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda tug‘ilgan Nodira Mansurova Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bo‘yicha mintaqaviy rahbari etib tayinlandi. U yangi lavozimida ishni 2026-yil 1-sentabrdan boshlaydi va Bishkek shahrida faoliyat yuritadi.

Nodira Mansurova YTTBdagi mehnat faoliyatini 2001-yilda boshlagan. Shu vaqtdan buyon bankning Londondagi bosh qarorgohi, shuningdek, Misr, Iordaniya va O‘zbekistondagi vakolatxonalarida turli lavozimlarda ishlagan.

Avval YTTBning Markaziy Osiyoda kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish va rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy rahbari sifatida faoliyat yuritgan. Bu lavozimda u Almati shahrida ishlagan. 2021-yilda esa Tunis bo‘yicha YTTB rahbari etib tayinlangan.

Nodira Mansurova O‘zbekistonda tug‘ilgan bo‘lib, Buyuk Britaniya fuqarosi hisoblanadi. U O‘zbekistondagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Farg‘ona politexnika universitetini tamomlagan.

YTTB tarixida hozircha O‘zbekistondan chiqqan ikki nafar ayol bankning yuqori rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Nodira Mansurovadan tashqari, 2024-yil sentabrida vafot etgan Kamola Mahmudova YTTBning Ozarbayjondagi vakolatxonasiga rahbarlik qilgan.

Source: www.gazeta.uz