Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning 'Fuqarolik shartnomasi' partiyasi mamlakatda bo'lib o'tgan parlament saylovlarida saylovchilarning 49,81 foiz ovozini qo'lga kiritdi. Bu ko'rsatkich 2021-yilgi saylovlardagi 54 foizdan past bo'lib, partiyaning 50 foizlik ovoz chegarasini zabt eta olmaganini anglatadi. Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko'ra, saylovdagi ishtirok 58,97% yoki 1 476 597 nafar fuqaroni tashkil etdi.

Ikkinchi o'rinni 23,29 foiz ovoz bilan 'Kuchli Armaniston' partiyalar alyansi egalladi. Uchinchi o'rin sobiq prezident Robert Kocharyan boshchiligidagi 'Armaniston alyansi'ga nasib etib, ular 9,94 foiz ovoz to'pladi. To'rtinchi o'rinni esa 4 foiz ovoz bilan milliarder Gagik Sarukyanning 'Gullab-yashnayotgan Armaniston' partiyasi oldi. Muxolifat jami 37,23 foiz ovoz to'pladi va parlamentga kirish arafasida.

Saylovlar Armaniston va Rossiya o'rtasidagi munosabatlar keskinlashgan bir paytda o'tkazildi. 29-may kuni Belarus, Qozog'iston, Qirg'iziston va Rossiya yetakchilari Armanistonni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida (YeOII) qolishi yoki Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lish intilishi bo'yicha referendum o'tkazishga chaqirgandi. Rossiya prezidenti Yerevanni YeOIIdan chiqqan taqdirda jiddiy iqtisodiy oqibatlarga duch kelishidan ogohlantirgan.

Pashinyan saylovdan keyingi bayonotida Armaniston G'arb bilan yaqinlashishda davom etishini, biroq YeOIIdagi ishtirokini to'xtatmasligini ma'lum qildi. 'Biz yaqinlashish kursini davom ettiramiz, shu bilan birga, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi ishtirokimiz va a'zoligimizni ham saqlab qolamiz. Shuningdek, Rossiya va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining boshqa mamlakatlari bilan munosabatlarimizni rivojlantiramiz', dedi u.

Saylovlarda 18 ta siyosiy kuch ro'yxatdan o'tgan bo'lib, ulardan to'rttasi eng kam ovoz toplash chegarasidan o'tdi. Armaniston Saylov kodeksiga ko'ra, agar siyosiy kuch yoki koalitsiya parlamentdagi o'rinlarning kamida 52 foiziga ega bo'lsa, hukumatni shakllantirishi mumkin. 'Fuqarolik shartnomasi' nisbiy ko'pchilikka ega bo'lgani uchun qo'shimcha mandatlar olishi mumkin.

Pashinyan ovozlarning hali 20 foizi qayta ishlanmagan holda o'z partiyasining 'tarixiy g'alaba' qozonganini e'lon qildi. 'Armaniston xalqi mintaqaviy farovonlik va hamkorlik uchun ovoz berdi va umid qilamanki, bu Turkiya hamda Ozarbayjon tomonidan ijobiy kutib olinadi', dedi u. Kocharyan esa bu bayonotni MSKga bosim o'tkazishga urinish deb atadi.

Source: www.gazeta.uz