Qirg‘iziston Yevropa Ittifoqiga parvozlarni amalga oshirishi taqiqlangan aviatashuvchilar ro‘yxatidan chiqarildi. Mamlakat ushbu ro‘yxatda 2006-yildan beri qolayotgan edi. Bu haqda prezident Sadir Japarovning matbuot xizmati Yevropa komissiyasining Mobillik va transport bo‘yicha bosh direktorati (DG MOVE) bildirishnomasiga tayanib xabar berdi.
Qirg‘izistonda sertifikatlangan barcha aviatashuvchilar YeI hududiga uchish taqiqi ostiga tushgan aviakompaniyalar ro‘yxatidan chiqarildi, deyiladi xabarda.
Qaror YeI Parvozlar xavfsizligi qo‘mitasining (ASC) 19−21-may kunlari bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qabul qilindi. Matbuot xizmatining qayd etishicha, ushbu qaror Yevropa komissiyasi reglamenti bilan mustahkamlab qo‘yiladi.
Yevropa komissiyasi erishilgan yutuqlarni, jumladan, texnik maslahatlashuvlar natijalarini, 2026-yil mart oyidagi baholash tashrifini hamda Bryusseldagi muvaffaqiyatli eshituvlarni yuqori baholadi, deyiladi xabarda.
2026-yilning mart oyida Qirg‘iziston rasmiylari mamlakatga Airbus A321 samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagandi.
Source: www.gazeta.uz