Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 1-iyul kuni yangi bir palatali parlament organi — Qurultoyga saylovlar 23-avgust kuni o‘tkazilishi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu qaror mamlakatda 15-martdagi referendumda qabul qilingan yangi Konstitutsiyaning kuchga kirishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

Yangi Konstitutsiyaga ko‘ra, ikki palatali parlament o‘rniga bir palatali Qurultoy tashkil etiladi. Qurultoy 145 nafar deputatdan iborat bo‘lib, ular partiyaviy ro‘yxatlar bo‘yicha saylanadi. Deputatlarning vakolat muddati besh yilni tashkil etadi.

30-iyun kuni Qozog‘iston parlamentining sobiq ikki palatasi — Majilis va Senat o‘z faoliyatini tugatdi. Toqayev palatalarning so‘nggi qo‘shma majlisida nutq so‘zlab, 1-iyuldan boshlab hokimiyat tizimining keng ko‘lamli islohoti boshlanishini ma’lum qildi. U “ertadanoq butun davlat boshqaruvi tizimini chuqur modernizatsiya qilishga start beriladi” va “Qozog‘iston davlatchiligining butun binosini kapital ta’mirlash rejalashtirilgan” deb ta’kidladi.

Yangi Konstitutsiyaga muvofiq, prezident tomonidan Qurultoyning roziligi bilan tayinlanadigan vitse-prezident lavozimi ham joriy etilmoqda. Bu lavozim davlat boshqaruvida muhim o‘rin tutishi kutilmoqda.

Mart oyidagi referendumdan so‘ng, Toqayev navbatdagi prezidentlik saylovlari 2029-yilda bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgan edi. U “keyingi prezidentlik saylovlari, xuddi shunday bo‘lishi lozim bo‘lganidek, amaldagi Konstitutsiyada belgilangan muddatlarda — 2029-yilda o‘tkaziladi” deb aytgan.

Source: www.gazeta.uz