Qirg‘iziston Respublikasi Davlat portali ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistondan 650 kg og‘irlikdagi kolbasa mahsulotlari partiyasi chegaradan o‘tkazilmadi.
O‘sh viloyatidagi “Do‘stuk” chegara veterinariya nazorat punktida yukni tekshirish chog‘ida mahsulotda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining tegishli markirovkasi yo‘qligi aniqlandi.
Chegara veterinariya nazorat punkti inspektorlari tomonidan yukni tekshirishda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining veterinariya-sanitariya talablari buzilgani aniqlangan. Xususan, mahsulotda markirovka bo‘lmagan va u veterinariya-sanitariya talablariga javob bermagan.
Aniqlangan qoidabuzarliklar munosabati bilan yukni Qirg‘iziston Respublikasi hududiga olib kirish taqiqlangan. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgandan so‘ng, partiya “Do‘stuk” chegara veterinariya nazorat punkti orqali O‘zbekiston Respublikasiga qaytarilgan.
Source: kun.uz