Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qirg‘izistonning Asman Airlines aviakompaniyasi Tomchi (Issiqko‘l) — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

15-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:14 da Tomchidan ilk reysni amalga oshirgan aviakompaniya samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Aviatsiya an’anasiga muvofiq, havo kemasi suv arkasi bilan kutib olindi. Ilk reys bilan Toshkentdan Issiqko‘lga 68 nafar yo‘lovchi jo‘nab ketdi.

Parvozlar Dash 8−400 rusumli samolyotlarda haftasiga bir marta — chorshanba kunlari charter asosida amalga oshiriladi. Shu tariqa, Asman Airlines joriy yozgi mavsumda mazkur yo‘nalishda parvozlarni yo‘lga qo‘ygan ikkinchi aviakompaniyaga aylandi. Hozirda Toshkent — Issiqko‘l yo‘nalishida mahalliy Centrum Air aviakompaniyasi ham muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda.

Uzbekistan Airports ma’lumotiga ko‘ra, qirg‘iz aviatashuvchisi kelgusida O‘zbekistonga parvozlar geografiyasini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Xususan, kuzgi mavsumga qadar Toshkent — O‘sh, qishki mavsumda esa Toshkent — Qorako‘l yo‘nalishlarini ochish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Bishkek va Toshkent, shuningdek, Farg‘ona vodiysi aeroportlari o‘rtasida ham aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Bu rejalar haqida Uzbekistan Airports va Asman Airlines vakillari o‘rtasida joriy yilning 15-may kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham ma’lum qilingan edi.

Asman Airlines — Qirg‘izistonning davlat aviakompaniyasi bo‘lib, “Qirg‘iziston aeroportlari” AJning sho‘ba korxonasi hisoblanadi. Aviatashuvchi Dash 8 Q400 rusumli turbovintli samolyotlarda parvozlarni amalga oshiradi. Hozirda aviakompaniya Qirg‘izistonning asosiy shaharlari, shuningdek, Olmaota va Xo‘jand kabi xalqaro yo‘nalishlarga parvoz qiladi.

8-iyundan boshlab Toshkent va Qirg‘izistondagi Issiqko‘l (Cho‘lpon-ota) o‘rtasida mavsumiy avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan. Reyslar juft kunlari Toshkentdan, toq kunlari esa Issiqko‘ldan amalga oshiriladi. Chipta narxi 365 ming so‘m.

Source: www.gazeta.uz