Qirg‘izistonning Botken viloyati, Qadamjoy tumanidagi Chekelik qishlog‘ida tashlandiq uy hududida tekshiruv o‘tkazilayotganda yer osti yo‘lagi aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tunnel O‘zbekiston chegarasiga yaqin joyda, xo‘jalik inshooti ichida qurilgan. Uning chuqurligi taxminan 12 metr, eni esa 1,5 metrni tashkil qilgan.
Huquq-tartibot organlari tunneldan kontrabanda maqsadlarida foydalanishga tayyorgarlik ko‘rilgan deb hisoblamoqda. Qurilish ishlari aniqlangandan so‘ng to‘xtatildi.
Hozirda tergovgacha tekshiruv olib borilmoqda. Tergovchilar tunnelning paydo bo‘lish holatlarini va uning qurilishiga kim aloqador bo‘lishi mumkinligini aniqlashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda chegara orqali yer osti tunnellari qurish uchun jinoiy javobgarlik joriy etish rejalashtirilgan.
Source: podrobno.uz