Qirg‘izistonning Aero Nomad aviakompaniyasi Bishkek–Toshkent–Bishkek yo‘nalishida muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentga parvozlar 23 avgustdan boshlanishi rejalashtirilgan. Reyslar haftada ikki marta – payshanba va yakshanba kunlari Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Kelajakda aviakompaniya Bishkekdan Samarqand va Urganchga ham reyslar ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Ta’kidlash joizki, hozirda Toshkent va Bishkek o‘rtasida Centrum Air va Uzbekistan Airways aviakompaniyalari parvozlarni amalga oshirmoqda.
Ma’lumot uchun: Aero Nomad – 2021-yilda tashkil etilgan Qirg‘iziston aviakompaniyasi bo‘lib, Bishkek xalqaro aeroportida joylashgan va Airbus A320 oilasiga mansub samolyotlarda muntazam hamda charter reyslarni bajaradi.
Source: uznews.uz