Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘z olgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqadagi integratsiya jarayonlari yangi sifat bosqichiga o‘tayotganini ta’kidladi.
Davlat rahbari so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari tarqoq hududdan umumiy taraqqiyot maqsadlari yo‘lida birlashayotgan mintaqaga aylanganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjonning maslahatlashuv formatiga qo‘shilishi hamkorlikni makromintaqaviy darajaga olib chiqmoqda.
“Biz uchun Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va yaqin qo‘shnimiz — Afg‘onistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot makonini shakllantirish borasida tarixiy imkoniyat ochilmoqda. Ushbu vaziyatdan to‘liq foydalanib, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan Yevroosiyoning qoq yuragida barqaror rivojlanish, o‘zaro bog‘liqlik va yaxshi qo‘shnichilik uchun mustahkam poydevor yaratishimiz zarur”, — dedi O‘zbekiston rahbari.
Prezident mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirish, davlatlararo tashkilotlar va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy va transport aloqalarini mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, umumiy raqamli xizmatlar va investitsiya platformalarini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi qadamlarni ishlab chiqishni taklif qildi.
Prezident Markaziy Osiyo ta’lim, ilm-fan va katta ma’lumotlar sohasida innovatsiyalar bo‘yicha raqobatbardosh xabga aylanishi kerakligini ta’kidladi. Bunga kadrlar salohiyati, sun’iy intellekt texnologiyalari, data-markazlar va energetika quvvatlarini birlashtirgan yaxlit infratuzilmani yaratish orqali erishish mumkin.
Davlat rahbari atrof-muhitni muhofaza qilish har doim mintaqaviy kun tartibining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelgani va shunday bo‘lib qolishini bildirdi. Uning fikricha, yagona tabiiy makonimizda yuzaga kelayotgan tahdidlar davlat chegaralarini tan olmaydi, shunday ekan, ularga javob choralari ham umumiy bo‘lishi kerak.
“Joriy yilgi yozning anomal darajada issiq kelishi iqlim o‘zgarishi allaqachon iqtisodiyot, suv va energetika xavfsizligi, odamlarning salomatligi va hayot sifatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladigan omilga aylanib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Ana shunday yangi xavf-xatarlarga birgalikda moslashish bo‘yicha uzoq muddatli yechimlarni topish muhimdir”, — dedi prezident.
Yakunda Mirziyoyev gumanitar aloqalarni kengaytirish mintaqada birdamlik va o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlashini bildirib, “Bizning umumiy kuchimiz — birlik, o‘zaro ishonch va birgalikdagi yaratuvchanlikka qat’iy sadoqatimizda”, dedi.
Source: www.gazeta.uz