Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

30-iyul kuni Belarusning Orsha shahrida “Slavyan karavani” nomli birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuk poyezdining Orsha–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha jo‘natish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Yangi yo‘nalish bo‘ylab yo‘lga chiqqan birinchi poyezd tarkibida 71 vagon bor. Umumiy hisobda O‘zbekistonga 3840 tonnadan ortiq yuk jo‘natildi, jumladan yog‘och mahsulotlari, shakar, sut va yog‘-moy mahsulotlari, chorvachilik uchun ozuqa, kimyo sanoati tovarlari va boshqa turdagi mahsulotlar.

“Slavyan karavani” loyihasi nafaqat yangi transport koridorini shakllantirishga, balki O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilangan strategik vazifalarni amalga oshirishda muhim rol o‘ynashi ta’kidlanmoqda.

Ushbu temir yo‘l marshruti logistika xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi. Xususan, 20 tonnalik konteynerni tashish narxi avtotransportga nisbatan deyarli 1,5 barobarga arzon bo‘ladi, yuklarni yetkazish muddati esa 5–7 kunni tashkil etadi.

Bundan tashqari, yangi marshrut O‘zbekistondan Belarus bozoriga muntazam yetkazib berish imkoniyatlarini yaratadi, jumladan engil sanoat mahsulotlari, oziq-ovqat tovarlari, meva va sabzavotlar.

Dastlabki bosqichda ushbu poyezd harakati oyiga ikki marta amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, yuk poyezdini yo‘lga qo‘yish loyihasi 8-9-iyul kunlari Shavkat Mirziyoyevning Belarussiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshirilmoqda.

Source: uznews.uz