Moskvaning Kudrinskaya maydonida joylashgan ko‘p qavatli turar-joy binosining birinchi qavatida faoliyat yuritayotgan “Balzi Rossi” restoranida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Ushbu voqea 1-avgust kuni yopiq banket vaqtida yuz berdi.
“Kommersant” nashriga ko‘ra, restoran kirishida metall sharchalar bilan to‘ldirilgan qo‘lbola portlovchi qurilma ishga tushirilgan. Portlash oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi, yana 21 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tadbirda Rossiya Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni general Aleksandr Chayko o‘zining 55 yillik yubileyini va yangi lavozimga tayinlanishini nishonlagan. Tadbirda FSB xodimlari, Mudofaa vazirligi generallari, deputatlar va boshqa yuqori martabali amaldorlar ishtirok etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, noma’lum ayol restoranga sovg‘a sifatida korobka olib kirishga urungan, biroq qo‘riqchilar uni ichkariga kiritmagan. Shundan so‘ng bomba masofadan turib portlatilgan. Halok bo‘lganlar orasida ikki qo‘riqchi va bitta mehmon bor.
Ushbu hodisa yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 205-moddasi (terrorchilik akti) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Huquq-tartibot organlari atrofni o‘rab oldi, shaharda rejalashtirilgan tungi velofestival esa boshqa sanaga ko‘chirildi.
Source: podrobno.uz