Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi raisi — Prezident administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyev “Kabar” milliy axborot agentligi podkastida O‘zbekiston Qirg‘izistonga oyiga 20 ming tonnagacha yonilg‘i yetkazib berish imkoniyatiga ega ekanini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston tomoni ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan muzokaralar o‘tkazgan. Qirg‘iziston o‘z ehtiyojining 90 foizdan ortig‘ini import qiladi va jahon narxlarining oshishi hamda Rossiyadan xarid qilish imkoniyatlarining qisqarishi sababli yangi yetkazib beruvchilarni izlamoqda.

“Biz O‘zbekiston bosh vaziri bilan ham muzokaralar o‘tkazdik. Ularda oyiga 20 ming tonnadan yonilg‘i yetkazib berish imkoniyati mavjud”, — dedi Kasimaliyev.

U Qirg‘iziston neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha Rossiya, Belarus, Xitoy, Ozarbayjon, Yevropa mamlakatlari va Turkiya bilan ham muzokaralar olib borayotganini ta’kidladi. Belarus allaqachon yordam ko‘rsatmoqda, Xitoydan dastlabki beshta avtotsisterna yetib kelgan, biroq hajmni oshirish uchun temiryo‘l transporti zarur.

Kasimaliyevning qayd etishicha, Yevropa va Turkiyadan yetkazib berishga tranzit qiyinchiliklari to‘sqinlik qilmoqda, shuningdek, neft mahsulotlari narxi va tashish xarajatlari oshgan.

Qirg‘iziston hukumati dizel yonilg‘isi, avtogaz va Ai-92 benziniga subsidiyalar ajratmoqda, biroq Kasimaliyev narxlarning bosqichma-bosqich oshishini istisno qilmayapti. Hozirda Qirg‘izistonda dizel va Ai-92 O‘zbekiston va Tojikistondagidan 20-25 somga arzon, farq budjet hisobidan qoplanmoqda.

Iyul oyi boshida Qirg‘iziston O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarga yonilg‘i yetkazib berish barqarorligini ta’minlash uchun murojaat qilgani ma’lum bo‘lgandi. Yanvar-aprel oylarida benzin importi deyarli 20 foizga kamaygan, asosiy yetkazib beruvchi Rossiya bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda esa iyun oyida yonilg‘i importi keskin kamaygan: benzin may oyiga nisbatan uchdan bir qismga, dizel deyarli 19 baravar, kerosin 12,5 baravar kam olib kirilgan. Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov O‘zbekistonda ishlab chiqarish 1,2 million tonnadan oshishini, import esa 600-700 ming tonnani tashkil etishini ma’lum qilgan.

Source: www.gazeta.uz