Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tayotgan VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida Afg‘oniston kokpar (ko‘kpar) terma jamoasi musobaqani tark etdi. Bu qaror O‘zbekistonga qarshi dastlabki o‘yinda 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchragach qabul qilindi, biroq rasmiy sabab sifatida otlar bilan bog‘liq muammolar ko‘rsatilmoqda.
Afg‘oniston buzkeshi federatsiyasi rahbari Gulam Sarvar Jalolning so‘zlariga ko‘ra, jamoa Mongoliyaga qarshi navbatdagi o‘yinga chiqishga tayyor bo‘lgan, biroq tashkilotchilar chavandozlarga mos otlarni taqdim eta olmagan. Shu sababli afg‘onistonliklar o‘yinni rad etib, ularga 0:3 hisobida texnik mag‘lubiyat yozilgan va jamoa turnirni tark etgan.
VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari 31 avgustdan 6 sentyabrgacha Qirg‘izistonda o‘tkazilmoqda. Dasturga o‘nlab an’anaviy sport turlari kiritilgan bo‘lib, kokpar bo‘yicha musobaqalar Cholpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkekda bo‘lib o‘tgan Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etgani haqida xabar berilgan edi.
Source: podrobno.uz