Ozarbayjon Xalqaro Banki (ABB) O'zbekistonning xususiy Davr Bank aksiyalarining 51 foizini sotib oldi. Bitim 10-sentabr kuni "Toshkent" respublika fond birjasida bo'lib o'tdi va uning umumiy qiymati 1,646 trillion so'mni yoki 139,5 million dollarni tashkil etdi. Bu haqda Spot xabar berdi.
Birja ma'lumotlariga ko'ra, ABB har bir aksiya uchun 32 281,28 so'mdan jami 51 million dona oddiy "Davr Bank" aksiyalarini sotib olgan. Tranzaksiya ketma-ket olti bitim seriyasi ko'rinishida amalga oshirildi. Sotilgan 51 foizlik paket qiymatidan kelib chiqqan holda, bitim doirasida butun Davr Bank amaldagi kurs bo'yicha taxminan 3,23 trillion so'mga yoki 273,6 million dollarga baholangan.
Bitim yakunlangani haqida 23-avgustdayoq ma'lum bo'lgan edi. Bu haqda prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning uchrashuvida namoyish etilgan O'zbekiston-Ozarbayjon qo'shma loyihalari haqidagi videorolikda aytib o'tilgan. O'shanda ikki mamlakat yetakchilari Ozarbayjonning O'zbekistondagi investitsiya loyihalarini ochish va ularga tamal toshi qo'yish onlayn marosimida ishtirok etgandi. Ochilgan uchta loyihadan biri Davr Bank bo'ldi. Ilhom Aliyev o'shanda "Ozarbayjonning yetakchi banki O'zbekiston bozoriga kirib kelganini" ma'lum qilgandi.
Undan bir kun oldin Toshkentda o'tkazilgan O'zbekiston va Ozarbayjon mintaqalarining IV forumida Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov ABB Davr Bankdagi ulushni sotib olish orqali O'zbekiston bank bozoriga kirayotganini ta'kidlagan edi. 27-avgust kuni "Toshkent" respublika fond birjasi Davr Bankning oddiy aksiyalari birja kotirovkalash varag'idan chiqarib tashlanganidan 5,5 yil o'tib, ular bo'yicha savdolar qayta tiklanganini xabar qildi. UZ7050240009 kodiga ega qimmatli qog'ozlar listingga DRBK tikeri ostida kiritilgan, savdolar 28-avgustda boshlangan.
ABB ning Davr Bank nazorat paketini sotib olish rejalari may oyida ma'lum bo'lgandi. O'shanda Ozarbayjon davlat Xalqaro banki O'zbekiston bankining 51% aksiyasini sotib olish va O'zbekiston bozoriga kirishni maqsad qilgani xabar qilingandi. Bitimning dastlabki summasi 100 million dollardan ortiqroqqa baholangan. Iyun oyida Davr Bank aksiyadorlari ABB bilan 51% aksiyani sotish mumkinligi bo'yicha muzokaralarni davom ettirishni ma'qullagan.
Eng katta ulush — 46,9 foiz Kuzatuv kengashi raisi Lutfulla Ubayevga tegishli edi. Yana 13,5 foiz aksiya Mahfuza Ubayevada bo'lgan. Bank rahbari Abdumajid Samadov hisoblanadi. Davr Bank O'zbekistonda 2001-yilning sentabridan beri faoliyat yuritadi. 1-iyul holatiga ko'ra, bank aktivlari 13,2 trillion so'mni tashkil etib, 2025-yilning iyuliga nisbatan 18,9 foizga oshgan. Majburiyatlar 10,8 trillion so'mga (+14,8%), kredit portfeli 9,3 trillion so'mga (+19,8%), depozitlar esa 4,9 trillion so'mga (+20,8%) yetgan.
2025-yil yakunlariga ko'ra, Davr Bankning sof foydasi 631,5 milliard so'mni tashkil etdi, bu bir yil oldingi ko'rsatkichdan 62 foizga ko'p. Ozarbayjon xalqaro banki 2025-yilni 404,5 million manat (atrofida 238 million dollar) sof foyda bilan yakunladi, bu o'tgan yilgi ko'rsatkichdan 12,4 foizga ko'p. ABB kredit portfeli bir yil ichida 12 foizga o'sib, 7 milliard manatdan ($4,1 milliard) oshdi, faol mijozlar soni esa 15 foizga ko'paydi.
Source: www.gazeta.uz