12-sentabr kuni soat 14:47 da Qirg‘iziston hududida sodir bo‘lgan zilzila O‘zbekistonning ayrim hududlarida sezildi. Bu haqda Seysmoprognostik monitoring markazi xabar berdi.
Zilzila epitsentri Jalolobod shahri yaqinida joylashgan bo‘lib, uning magnitudasi 3,9 ga teng bo‘lgan. Zilzila o‘chog‘i 16 kilometr chuqurlikda joylashgani qayd etildi.
O‘zbekiston hududida zilzila sezilish kuchi haqida aniq ma’lumot berilmagan bo‘lsa-da, seysmologik xizmat tomonidan kuzatuvlar davom ettirilmoqda. Ayni paytda jabrlanganlar yoki vayronagarchilik haqida xabar berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 31-avgust kuni Buxoro viloyatining ayrim tumanlarida zilzila sodir bo‘lgan edi. O‘shanda epitsentr Gazli shahrida joylashgan bo‘lib, uning kuchi 3 ballgacha sezilgan edi. Seysmik faollik mintaqada davom etayotgani kuzatilmoqda.
Source: www.gazeta.uz