Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko AQSh prezidentining maxsus vakili Jon Koul bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv natijasida 25 nafar siyosiy mahbus ozodlikka chiqarildi. Buning evaziga AQSh Belarusning ikkita yirik korxonasiga nisbatan qo‘llangan sanksiyalarni bekor qilishga rozi bo‘ldi.

"Yaxshi niyat ramzi sifatida Belarus 25 kishini ozod qiladi. Qo‘shma Shtatlar esa, o‘z navbatida, Belarusning ikkita korxonasi — "Lakokraska" va "Bellesbumprom"dan sanksiyalarni olib tashlaydi", — dedi AQSh maxsus vakili Jon Koul. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar kun tartibidagi qolgan masalalarni hal etish bo‘yicha ishlashda davom etadi. "Barcha masalalar to‘liq yechilib, ikki tomonlama kelishilgach, yana boshqa shaxslar ozod etiladi va Belarus kompaniyalaridan sanksiyalar bekor qilinadi", — deya qo‘shimcha qildi Koul.

"Zerkalo" nashrining xabar berishicha, ozod qilinganlar orasida Tut.by nashri bosh direktori Lyudmila Chekina, "BelaPAN" axborot agentligi direktori Dmitriy Novojilov hamda Tor Band guruhi sozandalari — Yevgeniy Burlo, Dmitriy Golovach va Andrey Yaremchik bor. Ozod qilinganlarning barchasi Belarusni tark etib, Litvaga yetib borgan.

Avvalroq, 2026-yilning martida Belarus 250 nafar siyosiy mahbusni ozod qilgan, bunga javoban AQSh Belarus kaliyi va banklariga nisbatan sanksiyalarni bekor qilgandi. 2025-yilning dekabrida ham Aleksandr Lukashenko AQSh cheklovlarini yumshatish evaziga 123 nafar mahbusni afv etgan. Ular qatorida Belarus muxolifati yetakchilaridan biri Mariya Kolesnikova, bankir Viktor Babariko va 2022-yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Ales Belyatskiy bo‘lgan. Shuningdek, 2025-yilning sentabr va iyun oylarida 52 va 14 nafardan iborat siyosiy mahbuslar guruhlari ozodlikka chiqarilgandi.

"Vesna" inson huquqlari markazi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Belarus qamoqxonalarida 900 dan ortiq siyosiy mahbus saqlanmoqda. Reuters nashrining yozishicha, ularga qo‘yilayotgan eng ko‘p ayblovlar qatoriga ekstremizm, hokimiyatni egallash uchun til biriktirish, nafrat uyg‘otish yoki prezidentni haqorat qilish kiradi.

Source: www.gazeta.uz