Tojikiston parlamenti quyi palatasi kengashi 16-sentabr kuni navbatdan tashqari yig'ilish o'tkazib, unda "Xalqaro jinoiy sudning Statuti amal qilishini tugatish to'g'risida"gi qaror loyihasini muhokama qildi. Palata matbuot xizmatining xabariga ko'ra, yig'ilish yakunlari bo'yicha tegishli qarorlar qabul qilingan, biroq hujjatga oid qarorning tafsilotlari oshkor etilmagan.
Ma'lumot uchun, Tojikiston Xalqaro jinoiy sudning Rim statutiga a'zo davlat hisoblanadi. Dushanbe mazkur statutni 1998-yil 30-noyabrda imzolagan va 2000-yil 5-mayda ratifikatsiya qilgan. Statut 2002-yil 1-iyuldan e'tiboran kuchga kirgan edi. Endi esa mamlakat ushbu xalqaro majburiyatdan voz kechish arafasida turibdi.
2025-yilda Yevropa tashqi aloqalar xizmati (EEAS) Tojikiston Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Dushanbega tashrifi chog'ida uni hibsga olish orderini ijro etish bo'yicha Statut doirasidagi majburiyatlarini bajarmaganini ma'lum qilgandi. XJS Vladimir Putin hamda Rossiya bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani ukrainalik bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish shaklidagi harbiy jinoyatlarni sodir etganlikda ayblab, ularni hibsga olishga order bergan. Tojikiston esa bu orderni bajarmagan.
Gaagada joylashgan Xalqaro jinoiy sud 1998-yilda imzolangan Rim statuti asosida tashkil etilgan. Bu harbiy jinoyatlar, genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblangan jismoniy shaxslar ustidan sud jarayoni o'tkazish vakolatiga ega yagona sud hisoblanadi. Sudning o'z politsiyasi yo'q, shu sababli u o'z yurisdiksiyasini tan olgan davlatlarning yordamiga tayanadi. XJS ishlarni sirtdan ko'rib chiqmaydi — ayblanuvchining shaxsan sud binosida hozir bo'lishi talab etiladi.
2024-yil holatiga ko'ra, Rim statutini 124 ta davlat, jumladan, Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlari imzolagan. Isroil, AQSh va Rossiya XJS a'zosi emas. Tojikistonning statutdan chiqishi mintaqadagi xalqaro huquqiy majburiyatlarga bo'lgan munosabatni yana bir bor ko'rsatadi.
Source: www.gazeta.uz