Ozarbayjonning Qorabog‘ iqtisodiy hududidagi “Qizilgaya” o‘quv-mashg‘ulot markazida Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston harbiy xizmatchilari ishtirokida “Birlik kuchi – 2026” qo‘shma harbiy mashg‘ulotlariga start berildi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, mashg‘ulotlarda uch davlatning Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari, jangovar texnika, harbiy-dengiz floti va aviatsiya vositalari, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlari ishtirok etadi. Mashg‘ulotlar uch bosqichli bo‘lib, “Qizilgaya” o‘quv-mashg‘ulot markazidan tashqari, Naxichevan Muxtor Respublikasidagi “Qorabog‘lar” o‘quv-mashg‘ulot markazi va Kaspiy dengizining Ozarbayjon sektoridagi “Buyuk Zira” o‘quv-mashg‘ulot maydonlarida bo‘lib o‘tadi.
“Bundan asosiy maqsad – qo‘shma operatsiyalarga tayyorgarlik darajasini oshirish, qo‘shinlarning o‘zaro hamjihatligini yaxshilash va o‘quv-mashg‘ulot tartib-qoidalarini standartlashtirish, shuningdek, bo‘linmalarning jangovar qobiliyatini rivojlantirish”, – deyiladi xabarda. Turkiya Milliy mudofaa vazirligi mashg‘ulotlar 21 sentyabrda boshlanib, 1-oktabrda yakunlanishini bildirdi.
“O‘quv-mashg‘ulotning maqsadi gibrid tahdidlarga qarshi kurashish, hamkor davlatlar qurolli kuchlari bilan birgalikda qo‘shma operatsiyalarni rejalashtirish va amalga oshirishdan iborat”, – deb qo‘shimcha qildi vazirlik. Ushbu mashg‘ulotlar mintaqada harbiy hamkorlikni mustahkamlash va uch davlat o‘rtasidagi strategik aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan.
Ta’kidlash joizki, “Birlik kuchi – 2026” mashg‘ulotlari Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichi bo‘lib, u kelgusida qo‘shma operatsiyalarni muvofiqlashtirish va gibrid tahdidlarga qarshi turish qobiliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Source: www.gazeta.uz