Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi prezidenti Timur Turlov Xalqaro shaxmat federatsiyasining (FIDE) yangi rahbari etib saylandi. Saylov 26-sentabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi doirasidagi tashkilot Bosh assambleyasida o‘tkazildi.

Ikkinchi turda Turlov 110 ta ovoz oldi, uning raqibi — germaniyalik tadbirkor Vadim Rozenshteyn esa 85 ta ovoz to‘pladi. Birinchi turda Turlov uchun 96 nafar delegat, Rozenshteyn uchun 76 nafar delegat ovoz berdi; germaniyalik yana bir nomzod Yan Xenrik Byuttner 20 ta ovoz olib, keyingi kurashdan chiqib ketdi. Birinchi turda jami 196 nafar delegat ovoz berdi, to‘rtta byulleten haqiqiy emas deb topildi.

WR Chess asoschisi Vadim Rozenshteyn singapurlik tadbirkor Gordon Tang bilan tandemda o‘z nomzodini ilgari surgandi. Uning saylovoldi jamoasidan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov ham o‘rin olgandi. Turlov bilan birgalikda bir jamoa sifatida 15-jahon chempioni Vishvanatan Anand ham FIDE prezidenti o‘rinbosari etib saylandi. Ilk boshda ham Turlov va Anand saylovda yagona jamoa bo‘lib qatnashgandi.

38 yoshli Turlov federatsiya tarixida saylangan ikkinchi eng yosh prezident bo‘ldi. U 2023-yildan buyon Qozog‘iston shaxmat federatsiyasini boshqarib kelmoqda. Shuningdek, Turlov Freedom Holding Corp. xalqaro moliyaviy guruhining asoschisi va bosh direktori bo‘lib, Xalqaro maktab shaxmati federatsiyasiga ham rahbarlik qiladi.

FIDE prezidenti lavozimida Turlov tashkilotni 2018-yildan beri boshqargan va 2022-yilda qayta saylangan Arkadiy Dvorkovichning o‘rnini egalladi. Dvorkovichning ikkinchi muddati davomida uning o‘rinbosari sifatida Anand faoliyat yuritgan. Iyul oyida Dvorkovich Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgach, o‘z vakolatlarini ixtiyoriy ravishda to‘xtatgandi. U Yevropa Ittifoqining bu qarorini “noqonuniy va adolatsiz” deb atab, ustidan shikoyat qilish niyatida ekanini bildirgan, ammo o‘z lavozimidan ketishini sanksiyalar FIDEning barqaror ishiga xalaqit berishi mumkinligi bilan izohlagandi. Shundan so‘ng prezident vazifasini Anand bajarib keldi.

Yakunda Dvorkovich 2026-yilgi saylovda ishtirok etmadi. Turlov avvalroq uning jamoasi tarkibida bo‘lgan, biroq Dvorkovich o‘z nomzodini qaytarib olgach, Anand bilan birga o‘z prezidentlik ro‘yxatini shakllantirgan.

Source: www.gazeta.uz