Jahon sog‘ni saqlash tashkiloti (JSST) Rossiya hukumatiga Irkutsk vaboga qarshi ilmiy-tadqiqot instituti xodimining vafoti va noma’lum kelib chiqishga ega pnevmoniya bilan kasallangan yana bir xodim yuzasidan rasmiy so‘rov yubordi. Xalqaro tashkilot mutaxassislari Irkutsk viloyatida jiddiy profilaktik hamda epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar ko‘rilishiga sabab bo‘lgan qo‘zg‘atuvchi haqida batafsil ma’lumot taqdim etilishini talab qilmoqdalar.
Mazkur so‘rov 2 oktyabr kuni institut xodimining vafot etgani haqidagi xabarlardan so‘ng yuborilgan. Marhoma og‘ir pnevmoniya tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan bo‘lib, dastlabki matbuot xabarlarida uning o‘limi laboratoriyadagi ehtimoliy hodisa oqibatida o‘pka vabo kasalligini yuqtirib olgani bilan bog‘langani aytilgandi. Ushbu holat jamoatchilik orasida xavotir uyg‘otib, xalqaro darajada e’tibor qaratilishiga olib keldi.
Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalari doirasida yuborilgan so‘rovga javoban Rossiya rasmiy idoralari Irkutsk viloyatida so‘nggi paytlarda vabo kasalligi qayd etilmaganini bildirdilar. Ularning ta’kidlashicha, zarur epidemiologik surishtiruvlar o‘tkazilgan, profilaktik choralar ko‘rilgan, shuningdek, barcha muloqotda bo‘lgan shaxslar tibbiy nazoratga olinib, test sinovlaridan o‘tkazilgan.
Rossiya rasmiylari muloqotdagi shaxslarda xavfli patogenlar aniqlanmagani va barcha kuzatuvlar yakunlanganini ma’lum qilganiga qaramay, JSST mavjud ziddiyatlarga oydinlik kiritishni talab qilmoqda. Tashkilot vafot etgan xodimning og‘ir pnevmoniyaga chalinish sabablarini aniqlash, sanitariya tadbirlariga asos bo‘lgan infeksiyani aniqlash va ikkinchi shaxs haqidagi xabarlarni tekshirish maqsadida qo‘shimcha tushuntirishlar so‘ramoqda.
Source: podrobno.uz