Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

«Yandeks» kompaniyasining Vladimir shahridagi maʼlumotlarni qayta ishlash markaziga uyushtirilgan dronlar hujumi Rossiyaning raqamli infratuzilmasida keng koʻlamli nosozliklarni keltirib chiqardi. Ushbu hodisa natijasida nafaqat kompaniyaning oʻz servislari, balki mamlakatdagi qator yirik onlayn platformalar faoliyatida ham jiddiy uzilishlar yuzaga keldi. Xususan, taksi chaqirish va boshqa xizmatlardan foydalanishdagi muammolardan Rossiyaning oʻzidan tashqari yana beshta xorijiy mamlakat foydalanuvchilari ham shikoyat qilishgan.

Tarqatilgan maʼlumotlarga koʻra, 11-oktabrga oʻtar kechasi Ukraina dronlari «Yandeks» kompaniyasining oltita yirik data-markazidan uchinchisi boʻlgan Vladimir shahridagi obyektni nishonga olgan. Shundan soʻng, «Sboy.rf» hamda Downdetector kabi monitoring platformalarida turli raqamli xizmatlarning faoliyati izdan chiqqani haqida yuzlab shikoyatlar qayd etila boshlagan. Foydalanuvchilar «Yandeks Pey», «Yandeks Igry», «Yandeks Go» hamda «Kinopoisk» kabi ommabop xizmatlardan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelishgan.

Rossiya hududidan tashqarida ham mazkur nosozliklar oʻz taʼsirini koʻrsatgan boʻlib, xususan, Armaniston, Belarus, Gruziya, Qozogʻiston va Serbiyadagi foydalanuvchilar ham taksi buyurtma qilish jarayonida uzilishlar kuzatilayotganini bildirishgan. Muammolar faqatgina «Yandeks» ekotizimi bilan cheklanib qolmay, «Vkusno - i tochka», KFC, «Dodo Pitssa» kabi umumiy ovqatlanish tarmoqlari, «Lamoda» onlayn doʻkoni, Sports.ru sport portali, shuningdek, «Pyatyorochka», «Magnit» va «Lenta» kabi yirik chakana savdo tarmoqlari resurslariga kirishda ham qiyinchiliklarni keltirib chiqargan.

Shuningdek, Sankt-Peterburgdagi «Pulkovo» aeroporti, «Flowwow» gul yetkazib berish xizmati, «Sian» koʻchmas mulk platformasi hamda «Dom.ru» internet provayderi foydalanuvchilari ham oʻz faoliyatida uzilishlar boʻlganidan shikoyat qilishgan. Qandli diabeti bor shaxslarga glyukoza darajasini oniy rejimda kuzatish imkonini beruvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi Sinocare kompaniyasi ham oʻz xizmatlarida nosozliklar yuzaga kelganini maʼlum qilgan. Hujumlardan soʻng «Yandeks» ilovalaridagi qoʻllab-quvvatlash xizmati ham ishlamay qolgan va kompaniya foydalanuvchilarga ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalar orqali murojaat qilishni tavsiya etgan.

Tizimga tushayotgan ortiqcha yuklamani kamaytirish maqsadida kompaniya mutaxassislari ayrim bulutli xizmatlarni, xususan, «Disk»ning baʼzi funksiyalarini ataylab oʻchirib qoʻyishga majbur boʻlgan. 11-oktabr oqshomiga kelibgina «Yandeks» oʻz servislarini bosqichma-bosqich tiklash boshlanganini eʼlon qilgan. Kompaniya bayonotiga koʻra, Alisa yordamchisi, qidiruv tizimi, «Yandeks Xaritalar», taksi va pochta xizmatlariga kirish imkoniyati tiklanmoqda, biroq ularning ayrim funksiyalari hali ham toʻliq ishlamayotgani taʼkidlangan. Eslatib oʻtamiz, «Yandeks» oʻz obyektlariga qilingan hujumlar haqida ilk bor 9-oktabrda, ketma-ket ikki kecha davom etgan zarbalardan keyin xabar bergan edi.

Source: kun.uz