DW nashrining xabar berishicha, 13-oktabrga oʻtar kechasi Rossiya tomonidan Ukrainaga navbatdagi keng koʻlamli hujumlar uyushtirilgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, mazkur zarbalar oqibatida jami 5 kishi halok boʻlgan, yana 22 nafar fuqaro turli darajada tan jarohatlari olgan. Rossiya hukumati ushbu harbiy harakatlar boʻyicha hozircha keng izoh bermagan.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmatining bildirishicha, zarbalar Xarkiv shahrining Xolodnogorsk va Shevchenko tumanlaridagi tinch aholi yashaydigan mavzelarga hamda fuqarolik infratuzilmasiga qaratilgan. Xarkiv meri Igor Terexovning soʻzlariga koʻra, shaharda 3 kishi halok boʻlgan va 11 kishi jarohatlangan. Raketalardan biri toʻrt qavatli turarjoy binosiga kelib urilib, uning bir qismini butunlay vayron qilgan. Vayronalar ostida insonlar qolgan boʻlishi mumkinligi bois qutqaruv ishlari davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, 12-oktabr oqshomida Kiyev shahri ham ballistik raketalar va dronlar nishoniga aylangani iddao qilinmoqda. Kiyev rejimi vakili, shahar meri Vitaliy Klichkoning maʼlum qilishicha, Darnitsa tumanidagi 25 qavatli uyning 12–16-qavatlari oraligʻiga dron kelib urilgan. Ushbu hujum oqibatida 2 kishi halok boʻlgan, yana 11 kishi jarohat olgan. Kiyev shahar prokuraturasi qurbonlardan biri 59 yoshli ayol ekanini, ikkinchisi esa portlash vaqtida avtomobilda boʻlganini taʼkidlagan.
Kiyev rejimining Qurolli kuchlari Havo kuchlari qoʻmondonligi esa shahar aholisini ogohlantirishda muammolar yuzaga kelganini tan olgan. Ularning taxmin qilishicha, Rossiya hududidan raketalar uchirilgani haqidagi maʼlumot oʻz vaqtida kelib tushmagani sababli havo hujumi xavfi oʻz vaqtida eʼlon qilinmagan. Harbiy idora vakillari ballistik nishonlar radarlar orqali faqat bevosita hujum vaqtida aniqlanganini va holat yuzasidan oʻrganishlar olib borilayotganini qoʻshimcha qilgan.
Source: kun.uz