Ozarbayjonning bir qator shahar va tumanlarida maktab oʻquvchisi boʻlgan qizlarni hijobda darslarga kiritmaslik holatlari sababli norozilik namoyishlari boʻlib oʻtdi. Ushbu voqealar fonida mahalliy aholi va ota-onalar oʻz noroziligini bildirib, qizlarni taʼlim olish huquqidan mahrum qilmaslikni talab qilishmoqda, oʻquvchilar esa sinfdoshlariga birdamlik ramzi sifatida darslarni boykot qilmoqda.
Mojaroga Vazirlar Mahkamasining sentyabr oyida tasdiqlangan maktab formalari boʻyicha qarori sabab boʻlgani aytilmoqda. Ushbu hujjat hijobni toʻgʻridan-toʻgʻri taqiqlamasa-da, amalda uning qoidalari bosh kiyimlarga nisbatan qoʻllanilmoqda. Shu bilan birga, rasmiy qarorda kiyim talablarini buzganlik uchun darsdan chetlatish chorasi mavjud emasligi taʼkidlanmoqda.
Tartibsizliklar ortidan huquq-tartibot idoralari 37 kishini hibsga olgani va jinoiy ish qoʻzgʻatgani maʼlum qilindi. Hokimiyat idoralari hibsga olinganlarni jamoat tartibini buzish va taʼlim muassasalari faoliyatiga toʻsqinlik qilishda ayblamoqda. Biroq, mustaqil kuzatuvchilar va ota-onalar bu choralarning qanchalik asosli ekaniga shubha bilan qaramoqda.
Ushbu ziddiyat nafaqat oʻquvchilarni, balki oʻqituvchilarni ham qamrab olgani xabar qilinmoqda. Oʻqituvchilar uchun tasdiqlangan alohida qoidalardan soʻng, hijobdagi pedagoglarga nisbatan bosim oʻtkazilayotgani, ulardan roʻmolni yechish yoki ishdan boʻshash haqida ariza yozish talab qilinayotgani aytilmoqda.
Rasmiylar cheklovlarni yagona maktab formasi va taʼlimning dunyoviy xarakterini saqlab qolish zarurati bilan izohlamoqda. Biroq, cheklovlarga qarshi chiqqanlar bu holat diniy erkinliklarni cheklashini va bolalarning bilim olishiga toʻsqinlik qilishini taʼkidlab, noroziliklar hatto Turkiyaning Istanbul shahridagi konsullik binosi oldida ham boʻlib oʻtganini bildirishmoqda.
Source: podrobno.uz