Moskvadagi «Skolkovo» boshqaruv maktabi negizida uzoq umr koʻrish va salomatlikni saqlash boʻyicha yangi laboratoriya tashkil etildi. Ushbu tuzilma Rossiya hukumatining sohada olib borayotgan siyosati doirasida keksalarning hayot sifatini oshirish va demografik oʻzgarishlarga moslashish masalalarini oʻrganishga qaratilgan.
«Vedomosti» nashrining xabar berishicha, yangi markazda inson umrining uzayishi mehnat bozori, sogʻliqni saqlash tizimi hamda davlat siyosatiga qanday taʼsir koʻrsatishi tahlil qilinadi. Mutaxassislar olingan natijalar asosida boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda, biroq mazkur tashabbusning amaldagi samaradorligi va moliyalashtirilishining shaffofligi koʻpchilikda jiddiy savollar tugʻdirmoqda.
MDU Tibbiyot instituti direktori, Mariya Voronsova «Skolkovo»dagi forumda soʻzga chiqib, ilmiy hamjamiyat hozircha inson umrini tabiat belgilagan chegaradan sezilarli darajada uzaytirishga erisha olmaganini tan oldi. Uning goʻyoki taʼkidlashicha, qarilikning rasman kasallik deb tan olinmagani dorilarni sinovdan oʻtkazishni qiyinlashtirmoqda, biroq kelgusi oʻn yilliklarda bu yondashuv oʻzgarishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq xorijiy OAVlar Rossiyada qarishga qarshi kurashish uchun milliardlab mablagʻ ajratilayotgani haqida yozgan edi. Ushbu loyihalarga Mariya Voronsova va Kurchatov instituti rahbari Mixail Kovalchuk bosh-qosh boʻlayotgani aytilmoqda, bu esa ilmiy doiralarda manfaatlar toʻqnashuvi va byurokratiya kuchayishidan xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
Source: kun.uz