Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Rossiya Markaziy banki ketma-ket oʻninchi oy davomida mamlakat byudjeti taqchilligini qoplash operatsiyalari doirasida oʻz zaxiralaridagi qimmatbaho metallni sotishga majbur boʻlmoqda. Joriy yilda yuzaga kelgan byudjet defitsiti dastlabki rejalashtirilgan koʻrsatkichlardan naq ikki barobar oshib, 7,3 trillion rublni tashkil etishi kutilmoqda, bu esa moliyaviy tizimga jiddiy bosim oʻtkazayotganini koʻrsatadi.

Markaziy bank taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, sentabr oyida Rossiyaning oltin zaxiralari yana 0,2 million troya unsiyasiga, yaʼni taxminan 6,2 tonnaga qisqardi. Natijada umumiy hajm 2019-yil oxiridan beri eng past darajaga — 72,8 million unsiyagacha tushib ketgan. Dekabr oyida boshlangan yirik miqyosdagi sotuvlardan buyon mamlakat zaxiralari jami 2 million troya unsiyasiga, yaʼni qariyb 62 tonnaga kamaygan.

Xalqaro valyuta jamgʻarmasi statistikasiga tayanilsa, zamonaviy tarixda Rossiya oʻz oltin zaxiralarini bundan tezroq surʼatda faqat bir marta — 1998-yildagi defolt va valyuta inqirozi davrida sotib yuborgan edi. Oshib borayotgan iqtisodiy qiyinchiliklar va xalqaro cheklovlar fonida Kreml yillar davomida toʻplagan aktivlarini bosqichma-bosqich sotishga majbur boʻlmoqda, sotilgan oltinning muhim qismi esa Xitoy bozoriga oqib oʻtmoqda.

Source: kun.uz