Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Novosibirsk shahridagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan ayol hamda uning mehribonlik uyida qolgan farzandi mamlakatimiz diplomatlarining faol koʻmagi tufayli Oʻzbekistonga qaytarildi. Ushbu holat chet ellarda murakkab vaziyatlarga tushib qolayotgan fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish borasidagi amaliy sa'y-harakatlarning navbatdagi koʻrinishi boʻldi.

«Dunyo» axborot agentligining tarqatgan ma'lumotlariga koʻra, mazkur ayol Rossiya Federatsiyasining migratsiya qonunchiligini goʻyoki buzgani vaj qilinib, maxsus saqlash markaziga qamamalgan. Ayni paytda uning voyaga yetmagan farzandi Novosibirskdagi bolalar muassasasiga, yani mehribonlik uyiga joylashtirilib, ona va bola bir-biridan majburan ayrilgan edi.

Vujudga kelgan ogʻir vaziyatni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari zudlik bilan ishga kirishib, atigi bir kun ichida tegishli idoralar bilan muzokaralar oʻtkazdilar. Diplomatik vakolatxona xodimlari saqlash markazi hamda mehribonlik uyi rahbariyati bilan olib borilgan tezkor muloqotlar natijasida onaning ozod etilishiga va uning farzandi bilan yana birga boʻlishiga erishdilar.

Shundan soʻng, diplomatlar bolani «Tolmachyovo» xalqaro aeroportiga shaxsan olib kelib, onasiga topshirdilar va ularning xavfsiz tarzda Oʻzbekistonga uchib ketishini ta'minladilar. Ta'kidlash joizki, Bosh konsulxona xodimlari tomonidan oxirgi bir hafta ichida jami besh nafar bolaning ota-onalari bagʻriga, ya'ni Oʻzbekistonga qaytishiga amaliy yordam koʻrsatilgan.

Source: kun.uz