Qozog‘iston hukumati mamlakatga vizasiz kirish huquqiga ega bo‘lgan xorijiy fuqarolar uchun elektron ruxsatnomalar — Electronic Travel Authorization (ETA) tizimini bosqichma-bosqich tatbiq etishni boshladi. Ushbu o‘zgarishlar rasmiy hukumat qarorida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, kelgusida migratsiya oqimini nazorat qilish va xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgani aytilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, xorijliklar safardan kamida 72 soat oldin maxsus QazETA raqamli platformasi orqali bepul ariza topshirishlari talab etiladi. To‘liq majburiy talab esa 2027-yil 1-iyuldan kuchga kirishi belgilangan. Hozircha tizim uch bosqichda joriy etilmoqda va 2027-yil 30-iyunga qadar chet elliklar ruxsatnomasiz ham kirishlari mumkin, biroq chegarada ularga ogohlantirish beriladi.
Arizani rasmiylashtirish jarayonida shaxsni tasdiqlovchi hujjat, aloqa ma'lumotlari, shuningdek, ish yoki o‘qish joyi kabi ma'lumotlarni kiritish so‘raladi. Ruxsatnoma ichki ishlar organlari tomonidan milliy xavfsizlik idoralari bilan kelishilgan holda berilib, 180 kun davomida amal qiladi. Biroq bu muddat amaldagi qoidalardagi bo‘lish muddatini o‘zgartirmaydi — masalan, O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘istonda 90 kungacha qolishlari mumkin.
Shuni ta'kidlash kerakki, mazkur talab barcha uchun ham majburiy emas. Jami 29 toifadagi shaxslar, jumladan, davlat rahbarlari, diplomatlar, 16 yoshga to‘lmagan bolalar, 65 yoshdan oshgan fuqarolar hamda tranzit yo‘lovchilar ETA olishdan ozod etilgan.
Source: www.gazeta.uz