Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida o'tkazilayotgan "Dostlik Cup 2026" xalqaro turnirida qatnashish uchun kelgan Qozog'istonning 12 nafar yosh futbolchisi va ularga hamrohlik qilayotgan 9 nafar kattalar shifoxonaga yotqizildi. Barcha jabrlanuvchilarda o'tkir ovqatdan zaharlanish alomatlari aniqlangan bo'lib, ular poytaxt tibbiyot muassasalariga yetkazilgan.

Qozog'iston OAV tarqatgan ma'lumotlarga ko'ra, bolalarning ahvoli 31-oktabr kuni poytaxt mehmonxonalaridan birida nonushta qilganidan keyin yomonlasha boshlagan. Jabrlanganlarning ota-onalari ijtimoiy tarmoqlarda qorin og'rig'i va tana haroratining keskin ko'tarilishidan shikoyat qilib yozishmoqda. Ularning taxminicha, zaharlanishga mehmonxonada berilgan mahsulotlar, jumladan, tuxum sabab bo'lgan bo'lishi mumkin, chunki uni iste'mol qilmagan bolalar kasallanmagan.

Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi mazkur holat yuzasidan izoh berib, tibbiy yordamga muhtoj bo'lgan mamlakat fuqarolari O'zbekistonning ixtisoslashgan shifoxonalarida ekanligini va zarur muolajalarni olayotganini tasdiqladi. Diplomatik vakolatxona xodimlari bemorlarning qarindoshlari va shifoxona ma'muriyati bilan doimiy aloqada bo'lib turibdi.

Hozircha ushbu ko'ngilsiz hodasaning aniq sabablari rasman ma'lum qilinmagan. Mahalliy nashrlar vakillari O'zbekiston TIVga so'rov yuborgan bo'lsa-da, maqola e'lon qilingan vaqtga qadar hech qanday rasmiy javob olinmagan. Mazkur holat mamlakatdagi umumiy sanitariya va xavfsizlik masalalariga yana bir bor e'tibor qaratishga majbur qilmoqda.

Source: podrobno.uz