FIFA tomonidan tashkil etilayotgan 2026-yilgi Jahon Kubogi chiptalari narxi rekord darajaga ko‘tarilib, bitta final o‘yini chiptasi qayta sotuvda 163 ming yevro (taxminan 190 ming dollar) bahosiga yetdi. Bu narx 2022-yilgi finalning eng arzon chiptasidan yetti baravar qimmatroq ekanligi ma’lum qilindi.
Yevropa futbol muxlislari tashkiloti (FSE) va Euroconsumers lobbi guruhi Yevropa Komissiyasiga FIFAga qarshi shikoyat bilan murojaat qildi. Ular FIFAning chipta narxlarini haddan tashqari oshirgani, “omonopol pozitsiyasini suiiste’mol qilgani” va “sotib olish shartlarini adolatsiz belgilaganini” da’vo qilmoqda. FSE bosh direktori: “Ular sodiq muxlislarni tanlovsiz qoldirmoqda – to‘lang yoki o‘yinni o‘tkazib yuboring”, – dedi.
FIFA prezidenti Janni Infantino yuqori narxlarni talabning kuchaygani bilan izohlab, AQShda “dinamik narxlar” tizimi qo‘llanilayotganini ta’kidladi. Biroq, FSE bu tizimda narxning qanchalik ko‘tarilishiga cheklov yo‘qligini, bu esa muxlislarni himoyasiz qoldirishini aytdi. FIFA o‘tgan yil oxirida har bir saralash jamoasi uchun 10% miqdorida 60 dollarlik arzon chiptalar joriy qilgan, ammo FSEning ma’lumotlariga ko‘ra, bu chiptalar juda kam miqdorda bo‘lgan va umumiy sotuv boshlanishidan oldin tugagan.
Shikoyatda, FIFAning dastlabki hujjatlarida o‘rtacha chipta narxi 1400 dollar atrofida ko‘rsatilgani, ammo amalda bu raqam ancha ortda qolgani ta’kidlanadi. Yevropa Komissiyasi shikoyatni qabul qilganini va standart tartibda ko‘rib chiqishini tasdiqladi. Jahon Kubogi Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tsa ham, FIFAning chipta siyosati Yevropa iste’molchilariga ta’sir ko‘rsatayotgani uchun Komissiya aralashishi mumkin. Ko‘rib chiqish uchun muddat belgilanmagan.
2026-yilgi Jahon Kubogi 48 ta jamoa ishtirokida 11-iyundan boshlanadi va jami 104 ta o‘yin o‘tkaziladi. FIFAning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, chiptalar narxi yuqori bo‘lishiga qaramay, talab kuchli: so‘nggi sotuv bosqichida yarim milliarddan ortiq chipta so‘rovi qayd etilgan. Bu kengaytirilgan turnir uchun rekord darajadagi talabni ko‘rsatmoqda.
Source: www.dw.com