AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan davom etayotgan harbiy kampaniya haqida xalqqa televizion murojaat qildi. U o‘z nutqida, “Epik g‘azab” operatsiyasi AQSh va erkin dunyo xavfsizligi uchun zarurligini muhokama qilishni istagini bildirdi. Tramp, 2015-yildan beri Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka qasam ichganini ta’kidlab, bu ehtimolni “chidab bo‘lmas xavf” deb atadi. Shuningdek, u Eronning AQSh hududi uchun xavfli ballistik raketalar “ulkan arsenalini” to‘plaganini da’vo qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, asosiy ustuvor vazifasi diplomatik yo‘l bo‘lgan, biroq Eron hukumati yadroviy qurolga ega bo‘lish uchun tinimsiz intilishda davom etgan va kelishuvga erishish yo‘lidagi barcha urinishlarni rad etgan. Shu sababli, iyun oyida u “Tungi bolg‘a” operatsiyasi doirasida Eronning muhim yadroviy obyektlariga zarba berish haqida buyruq bergan. Keyinchalik, Eron hukumati o‘z yadroviy dasturini boshqa joyda qayta tiklashga urinib, yadroviy qurol izlanishidan voz kechish niyati yo‘qligini ochiq ko‘rsatgan. Tramp, AQSh harbiylari urushda o‘z oldlariga qo‘yilgan vazifalarni deyarli bajarib bo‘lganini, asosiy strategik maqsadlar yakunlanish arafasida turganini aytdi.
AQSh prezidenti, Eron floti yo‘q qilingan, harbiy-havo kuchlari tor-mor etilgan, raketalari deyarli tugagan yoki ishdan chiqarilganini da’vo qilib, bu harakatlar Eron armiyasini zaiflashtirish, uning terrorchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlash qobiliyatini parchalash va yadro bombasini yaratish imkoniyatidan mahrum qilish uchun mo‘ljallanganligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Tramp AQSh harbiy javob choralarini yanada kuchaytirishga tayyor ekaniga ishora qilib, Eronni “tosh asriga” uloqtirib tashlash bilan tahdid etdi. U, yaqin ikki-uch hafta ichida “o‘ta kuchli zarba” berishni va’da qildi.
Tramp, shuningdek, Eron tomonidan to‘sib qo‘yilgan Hurmuz bo‘g‘ozi masalasiga to‘xtalib, Qo‘shma Shtatlar bu bo‘g‘oz orqali deyarli neft import qilmasligini va kelajakda ham qilmasligini aytdi. U, neftni Hurmuz bo‘g‘ozi orqali oladigan dunyo mamlakatlari bu haqda o‘zlari qayg‘urishlari kerakligini ta’kidlab, ularni bo‘g‘ozni egallash, himoya qilish va undan foydalanishga chaqirdi. Tramp, eng qiyin ish bajarib bo‘linganligini, endi oson bo‘lishi kerakligini va mojaro tugagach, bo‘g‘oz tabiiy ravishda ochilishini aytdi.
Trampning murojaatiga javoban, Eron Qurolli kuchlari bosh shtabi yangi zarbalar bilan tahdid qilib, urush AQSh va Isroil “kamsitilish, sharmandalik, uzoq muddatli pushaymonlik va yakuniy taslim bo‘lishga” yuz tutmaguncha davom etishini ta’kidladi. Bayonotda, “Siz allaqachon qabul qilib bo‘lgan kuchli va aql bovar qilmaydigan zarbalardan so‘ng bizdan yanada halokatli, keng ko‘lamli va vayronkor harakatlarni kuting” deyilgan.
Source: www.gazeta.uz