Eron davlatida internetga ulanish butun mamlakat boʻylab 37 kundan ortiq vaqt davomida toʻliq bloklangan holda saqlanmoqda. Monitoring tashkiloti NetBlocks maʼlumotlariga koʻra, bu holat 864 soatdan ortiq davom etib, internet tarixidagi eng uzoq muddatli milliy blokadaga aylanib ulgurdi.
Tashkilotning taʼkidlashicha, bu voqea oʻlchami va davomiyligi jihatidan dunyoda ilgari qayd etilgan barcha internet uzilishlaridan ustun turadi. Boshqa mamlakatlarda vaqtinchalik yoki mintaqaviy uzilishlar boʻlgan, ammo shu darajadagi toʻliq milliy blokada ilgari qayd etilmagan.
Eron hukumatining rasmiy bayonotlariga koʻra, cheklovlar AQSh va Isroilning harbiy harakatlari boshlanganidan keyin joriy qilingan. Hukumat bu choralarni axborot hujumlarini oldini olish va mamlakat ichidagi beqarorlik urinishlarini bartaraf etish maqsadida qoʻllaganini daʼvo qilmoqda.
NetBlocks shuni ham taʼkidladi, Shimoliy Koreya holati bilan toʻgʻridan-toʻgʻri taqqoslash mumkin emas, chunki bu mamlakat global internetga amalda ulanmagan. Eronning hozirgi vaziyati esa butun dunyo internet tarmogʻidan uzilgan holda saqlanayotgan eng uzoq muddatli milliy holat sifatida qayd etilmoqda.
Source: kun.uz